Moody’s O‘zbekiston reytingi prognozini «ijobiy»ga ko‘tardi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Moody’s xususiylashtirish jarayoniga alohida urg‘u berdi
Foto: Moody’s ratings

Xalqaro reyting agentligi Moody’s 2025-yil 13-iyun kuni O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingini Ba3 darajasida saqlab qolgan holda, unga bo‘lgan prognozni «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirdi. Bu mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy va institutsional islohotlarning samaradorligiga berilgan ijobiy baho sifatida talqin qilinmoqda.

Moody’s agentligi izohiga ko‘ra, prognozning ijobiyga o‘zgartirilishi mamlakatda davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, energetika sohasini erkinlashtirish, shuningdek, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish kabi yo‘nalishlardagi aniq yutuqlar bilan bog‘liq.

Xususan, davlat korxonalari va banklar faoliyatini oshkora va samarali qilish maqsadida kuzatuv kengashlariga mustaqil a’zolar jalb etildi, manfaatlar to‘qnashuviga oid qonunchilik takomillashtirildi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Energetika tariflarining bosqichma-bosqich erkinlashtirilishi 2027–2028-yillarda xarajatlarni to‘liq qoplash tizimini shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Moody’s, shuningdek, xususiylashtirish jarayoniga alohida urg‘u berdi – 2024-yilda Ipoteka-bank muvaffaqiyatli sotilgan bo‘lsa, 2025-yil davomida yana 29 yirik davlat kompaniyasining IPO yoki SPO shaklida aksiyalari ommaga taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Agentlik O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sish sur’atlarini yuqori deb baholadi: 2024-yilda YaIM o‘sishi 6,5% bo‘lgan bo‘lsa, 2025–2026-yillarda bu ko‘rsatkich mos ravishda 5,8% va 5,7%ni tashkil etishi kutilmoqda. Budjet defitsiti ham kamayib bormoqda – 2024-yilda bu ko‘rsatkich 3,3%ni tashkil etdi (2023-yilda 4,9% bo‘lgan) va 2027-yilgacha 3%dan past darajada ushlab turilishi rejalashtirilgan.

Shunga qaramay Moody’s O‘zbekiston oldida bir qator asosiy xatarlar turganini ta’kidladi. Xususan, islohotlar jarayonida aholining zaif qatlamlariga salbiy ta’sir bo‘lishi mumkin. Davlat korxonalari va davlat-xususiy sheriklik loyihalari orqali yuzaga keladigan majburiyatlar davlat qarziga bosimni oshirishi mumkin.

Moody’sga ko‘ra, reyting keyinchalik oshirilishi mumkin, agar institutsional islohotlar davom etib, iqtisodiy raqobatbardoshlik oshsa va fiskal barqarorlikka tahdid bo‘lmasa. Aksincha, agar islohotlar to‘xtab qolsa yoki davlat qarzi keskin ortsa, prognoz yana «barqaror» darajaga qaytarilishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 20 ta reytingdan 10 tasida O‘zbekiston ko‘rsatkichlari yaxshilangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek