Octobank va Humans o‘rtasidagi mojaro bo‘yicha sud qarori chiqdi

eʼlon qilindi
Humans MCHJ bank oldidagi qarzdorlikni qoplashi lozimligi belgilandi
Octobank va Humans o‘rtasidagi mojaro bo‘yicha sud qarori chiqdi / Surat: Sora sun’iy intellekti yordamida tayyorlangan

2025-yil 13-iyun kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida «Octobank» AJ va «Humans» MCHJ o‘rtasida davom etayotgan moliyaviy nizo bo‘yicha hal qiluv qarori e’lon qilindi.

Sud qaroriga ko‘ra, «Humans» MCHJ bank oldidagi qarzdorlikni qoplashi lozimligi belgilandi.

«Octobank» ushbu qarorni o‘zining qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lida muhim yutuq sifatida baholab, barcha hamkorlar bilan shaffof va adolatli munosabatlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, bank 2025-yil 13-iyundan boshlab «Humans» kartalari bo‘yicha kliring va barcha operatsiyalarni to‘liq to‘xtatganini ma’lum qildi.

Bunga javoban, Humans kompaniyasi o‘zining rasmiy veb-saytida holat bo‘yicha bayonot e’lon qildi. Unda Octobank’ning 500 mlrd so‘mlik da’vosi sudda ko‘rib chiqilayotgani, ammo olti martadan ortiq sud yig‘ilishi qoldirilgani ta’kidlangan.

Humans, shuningdek, Octobank’ning o‘z majburiyatlarini bajarmaganini iddao qilib, unga qarshi da’vo tayyorlayotganini, shuningdek, «Maroqand» AJdan asossiz olingan deb hisoblagan 403,7 mlrd so‘mni qaytarishni talab qilayotganini bildirdi.

Kompaniya o‘z bayonotida Markaziy bank bilan bog‘liq vaziyatga ham to‘xtaldi. Humans’ning qayd etishicha, regulyator «Maroqand» ishini 2024-yilning kuzida amalda to‘xtatib qo‘ygan. Ushbu harakatlar esa Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish xalqaro markaziga (ICSID) xalqaro arbitraj da’vosini kiritish uchun asos bo‘lgan.

Humans kompaniyasi mijozlar, investorlar va o‘z faoliyatini himoya qilish uchun barcha qonuniy vositalardan foydalanishini bildirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Humans – Octobank kobrending kartalari egalari uchun xizmat ko‘rsatish to‘xtatilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek