
Hyundai kompaniyasi sport uslubidagi yangi elektr sedani – Hyundai Ioniq 6 N modelining ilk rasmiy suratlarini taqdim etdi. Kolesa.kz nashrining ma’lum qilishicha, bu kompaniyaning Ioniq 5 N’dan keyingi ikkinchi elektromobili bo‘ladi.
Suratlarga qaraganda, avtomobilga agressiv ko‘rinish beruvchi keng kuzov to‘plami (bodikit), kengaytirilgan g‘ildirak arkalari va katta havo kirish teshiklariga ega old bamper o‘rnatilgan.

Orqa qismda esa yukxona qopqog‘iga o‘rnatilgan katta spoyler va yangi, katta antikril (qanot) paydo bo‘ladi. Optikalar esa hozircha o‘zgarishsiz qolgan ko‘rinadi.
Texnik jihatdan Ioniq 6 N ga Ioniq 5 N’dagi 650 ot kuchiga ega ikki elektromotorli tizim qo‘llanishi kutilmoqda. Ioniq 5 N 0 dan 100 km/soatgacha bor-yo‘g‘i 3,4 soniyada tezlanadi. Yangi model ham shunga yaqin sport rejimlariga ega bo‘lishi mumkin. Ammo unga maxsus yangi funksiyalar ham tayyorlangan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Hyundai Ioniq 6 N modeli ilk bor Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tadigan Gudvud avtomobillar festivalida namoyish etiladi. Bu mashhur avtofestival odatda yozning o‘rtalarida o‘tkaziladi.
Ma’lumot o‘rnida, Hyundai – Janubiy Koreyada joylashgan yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lib, 1967-yilda tashkil etilgan. Kompaniya global miqyosda faoliyat yuritadi va turli toifadagi avtomobillarni, jumladan, sedanlar, krossoverlar, elektromobillar hamda tijorat transport vositalarini ishlab chiqaradi.

Hyundai o‘zining zamonaviy texnologiyalari, ishonchliligi va qulay narxlari bilan butun dunyoda mashhurlikka erishgan. Oxirgi yillarda kompaniya ekologik toza transport vositalariga, xususan, elektromobillar va gidrogenli avtomobillarga katta e’tibor qaratmoqda. Bundan tashqari, Hyundai doimiy ravishda avtomobillar dizayni, xavfsizlik tizimlari va aqlli haydash texnologiyalarini takomillashtirib boradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hyundai global talabning pastligi sababli Janubiy Koreyadagi elektromobil ishlab chiqarishini vaqtincha to‘xtatishi haqida yozgan edi.