«Parkentsoy» kanalining sun’iy suv havzasida uch nafar bola cho‘kib ketdi

Toshkent viloyatining Parkent tumanida uch nafar o‘g‘il bola cho‘kib halok bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati munosabatida qayd etildi. Holat «Parkentsoy» kanalining suv oqimida hosil bo‘lgan sun’iy suv havzasida yuz bergan.
«Tekshirishda mutasaddi tashkilotlar tomonidan «Parkentsoy» kanalidagi suv oqim bo‘ylab hosil bo‘lgan, chuqurligi taxminan 2 metrni tashkil etgan, 20*40 m2 o‘lchamdagi suv havzasida taqiqlovchi belgilar o‘rnatilmagani, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmagani yoxud sun’iy tashkil topgan suv havzasini bartaraf etish choralari ko‘rilmagani aniqlandi», – deyiladi munosabatda.
Ushbu hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazilib, Jinoyat kodeksining 116 (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) va 207 (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri qizaloqlar hayotini saqlab qolib, halok bo‘lgan erkak «Jasorat» medali bilan taqdirlangani haqida yozgan edi.