
Samsung kompaniyasi yaqinda taqdim etgan juda yupqa Galaxy S25 Edge smartfoni 3900 mA/soat sig‘imli akkumulyatori sabab tanqid ostida qolgan edi. Ko‘pchilik kompaniya dizayn uchun quvvatdan voz kechdi, deb o‘yladi. Biroq yangi ma’lumotlarga ko‘ra, bu fikr unchalik to‘g‘ri emas. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.
YouTube’dagi WekiHome kanali bergan tahlilga ko‘ra, Galaxy S25 Edge akkumulyatorining energiya zichligi 758 Vt/soat/litrni tashkil qiladi. Bu esa Galaxy S25 Ultra’dagi (5000 mA/soat, 727 Vt/soat/litr) ko‘rsatkichdan ham yuqori.
Bu shuni ko‘rsatadiki, Samsung o‘zining yupqa smartfoni uchun batareyani yaxshilab optimallashtirgan.
Mashhur texnoinsayder Ice Universe ma’lumotiga ko‘ra, Oppo Find N5 smartfonida yangi turdagi kremniy-uglerodli batareya ishlatilgan bo‘lib, uning zichligi 810 Vt/soat/litrga yetadi. Ammo agar Samsung ham shunday texnologiyani qo‘llaganida, akkumulyator hajmi faqat 4200 mA/soatgacha ko‘tarilgan bo‘lardi.

Samsung avvalgi Note 7 akkumulyator portlashi bilan bog‘liq muammolardan keyin xavfsizlikka katta e’tibor qaratmoqda. Shuning uchun kompaniya Galaxy S25 Edge’da ishonchli litiy-ion texnologiyasini tanlagan.
Bundan tashqari, kompaniya sun’iy intellekt asosidagi algoritmlar yordamida smartfonning quvvatni tejash tizimini ham ancha yaxshilagan. Yaqinda o‘tkazilgan testda Galaxy S25 Edge batareyani eng samarali ishlatadigan qurilmalardan biri bo‘ldi.

Samsung o‘zining o‘rta narx toifasidagi qurilmalar qatorini yangi model – Samsung Galaxy F36 bilan kengaytirishga tayyorlanayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Exynos 2600 chipi ommaviy ishlab chiqarilishi haqida yozgan edi.