Adliya vazirligi jinsni o‘zgartirishga tushuntirish berdi

eʼlon qilindi
Mavjud real hayotiy holatlar uchun huquqiy asos yaratish
Foto: www.depositphotos.com

Ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zbekistonda jinsni o‘zgartirishga ruxsat berildi» mazmunidagi xabarlar tarqalganidan so‘ng Adliya vazirligi rasmiy bayonot berdi.

Unda jinsga oid ma’lumotlar va shaxsiy ma’lumotlar (familiya, ism, otasining ismi)ni o‘zgartirish borasida yangilik emas, balki yillar davomida mavjud bo‘lgan amaliyotdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan normativ o‘zgarish amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Rasmiy izohga ko‘ra, har yili o‘rtacha 5-6 nafar bola noaniq jinsda tug‘iladi. Bunday holatlarda dastlabki tibbiy ko‘riklar bolaning jinsini noto‘g‘ri belgilagan bo‘lishi mumkin. Bola o‘sib ulg‘aygach (5 – 16 yosh oralig‘ida) asl jinsini aniqlovchi tibbiy xulosalar asosida hujjatlarga tegishli tuzatishlar kiritiladi.

Bu amaliyot Oila kodeksining 229-moddasida belgilangan bo‘lib, 1998-yil 1-sentabrdan beri amal qilinib kelmoqda. Biroq shu kungacha mavjud bo‘lgan muammo shundaki – jins tuzatilganda ham shaxsning familiya, ismi va otasining ismini o‘zgartirishning huquqiy mexanizmi mavjud emas edi.

Shu sababli Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-son qarori bilan mazkur huquqiy bo‘shliq bartaraf etildi. Endilikda tibbiy xulosa asosida jinsga oid tuzatishlar kiritilgan taqdirda, fuqaro familiyasi, ismi va otasining ismini ham mos jinsga mos ravishda o‘zgartirish huquqiga ega bo‘ladi.

Mazkur o‘zgarishlar jinsni atayin o‘zgartirish yoki shaxsiy xohishga ko‘ra emas, balki faqatgina tibbiy asosda, rasmiy tibbiyot muassasalarining tasdiqlangan xulosasi asosida amalga oshiriladi. Rasmiylar bu yangi amaliyot emasligini, balki mavjud real hayotiy holatlar uchun huquqiy asos yaratish ekanini alohida ta’kidlashdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatda jins o‘zgarishi asosida ism va familiyani o‘zgartirish mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek