Ayrim toifadagi o‘quvchilar qo‘shimcha ta’limga jalb qilinadi

Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ayrim toifadagi o‘quvchilar maktabdan tashqari ta’limga jalb qilinadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi nizomi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, kambag‘al oilalar reyestrida qayd etilgan oilalarning farzandlari qo‘shimcha ta’limga jalb etiladi. Ularning o‘qitish xarajatlarining 80 foizi Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
O‘quvchilar turli to‘garaklarga ixtiyoriy asosda jalb qilinadi. Ota-onalar bilan ta’lim tashkilotlari o‘rtasida shartnomalar YAIDXP (my.gov.uz) platformasi orqali tuziladi.
Ta’lim xizmatlari uchun to‘lov miqdori quyidagicha belgilanadi:
- 7 – 11 yoshdagi o‘quvchilar uchun darsdan keyingi ta’lim (uzaytirilgan kun guruhlari) — BHMning 1 baravarigacha (375 ming so‘m);
- 12 – 18 yoshdagi o‘quvchilar uchun umumta’lim fanlari, 15 – 18 yoshdagilar uchun xorijiy tillar — BHMning 2 baravarigacha (750 ming so‘m);
- 15 – 18 yoshdagi o‘quvchilar uchun axborot texnologiyalari va kasb-hunar yo‘nalishlari — BHMning 4 baravarigacha (1,5 mln so‘m).
Har bir to‘garak bo‘yicha to‘lovning 80 foizi davlat tomonidan, qolgan 20 foizi esa ota-onalar tomonidan to‘lanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025/2026-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul boshlangani haqida yozgandi.
Prezident farmoniga muvofiq, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul «avval test, so‘ng tanlov» tamoyili asosida ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Abituriyentlar 5-iyundan 25-iyunga qadar My.uzbmb.uz platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadi. Ular test sinovida ishtirok etish uchun fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi. Ijodiy yoki kasbiy imtihon talab qilinadigan yo‘nalishlar bo‘yicha esa oliygoh, ta’lim tili va hudud belgilanadi. Kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi va test natijalari imtihondan keyingi kun e’lon qilinadi.