Dubayda yoqilg‘i quyish shoxobchasidagi janjalda ikki o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

eʼlon qilindi
Ikkinchi jabrlanuvchi voqea joyidan qochishga uringan
Dubayda yoqilg‘i quyish shoxobchasidagi janjalda ikki o‘zbekistonlik halok bo‘ldi / Foto: khaleejtimes

Dubayda joylashgan yoqilg‘i quyish shoxobchasida aprel oyida yuz bergan ikki guruh o‘rtasidagi janjalda ikki o‘zbekistonlik fuqaro halok bo‘ldi, deb xabar berdi Khaleejtimes nashri. Hozirda ushbu hodisa yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, janjal jabrlanuvchilar mashinasining g‘ildiraklarini shishirish uchun kelganida yuzaga kelgan. Bu avvalgi shaxsiy kelishmovchilik ortidan boshlangan bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Voqea joyida tasodifan bo‘lgan politsiya xodimi zudlik bilan rasmiy idoralarni xabardor qilgan.

Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra, ikkala guruh bir-biridan alohida avtomobillarda kelgan. Jabrlanuvchilardan biri g‘ildirakni tekshirish uchun mashinadan tushganida unga hujum uyushtirilgan. Ikkinchi jabrlanuvchi voqea joyidan qochishga uringan, biroq boshqa shaxslar tomonidan quvib yetilib, unga ham zo‘ravonlik qilingan.

Voqea joyidagi kuzatuv kamerasi yozuvlari va guvohlarning ko‘rsatmalari tergovchilarga voqealar ketma-ketligini tiklash va jinoyatga aloqador shaxslarni aniqlash imkonini berdi. Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida politsiya boshqa amirlikdagi mehmonxonada barcha 11 gumonlanuvchini qo‘lga oldi.

So‘roq vaqtida hibsga olinganlar voqeaga aloqadorliklarini tan olib, bu hodisaga avvalgi kelishmovchiliklar sabab bo‘lganini bildirgan.

Tergovchilar ushbu mojaroni shaxsiy tusdagi ziddiyat deb baholagan. Ish sud tartibida ko‘rib chiqilishi uchun prokuraturaga yuborilgan.

Dubay politsiyasi esa mazkur hodisani xalqaro miqyosda noyob holat sifatida baholab, amirlik hanuzgacha dunyodagi eng xavfsiz shaharlardan biri ekanini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan fuqarolari uchun BAAga kirishdagi vizasiz rejim o‘z kuchida ekani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek