Endi bitta samolyot parvoziga ikkita aviakompaniya ham chipta sotadi

Uzbekistan Airways va Azerbaijan Airlines (AZAL) o‘rtasida 13-iyun kuni aviaqatnovlarni birgalikda amalga oshirish (code-share) bo‘yicha bitim imzolandi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur kelishuvga ko‘ra, har ikki aviakompaniya bir-birining reyslariga o‘zining aviakompaniya kodi ostida chipta sotish huquqiga ega bo‘ladi.
Yo‘lovchilar uchun ikki aviakompaniyaga tegishli jami to‘qqizta yo‘nalishda parvozlar mavjud bo‘ladi. Shuningdek, Uzbekistan Airways mijozlari Boku – Samarqand – Boku yo‘nalishida AZAL samolyotlarida parvoz qiladi.
AZAL tijorat direktori Jamil Manizade bu hamkorlik haqida quyidagicha izoh berdi:
«Uzbekistan Airways bilan hamkorlik nafaqat yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish, balki ikki xalq o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan».
Ushbu bitim tranzit yo‘lovchilar uchun Toshkent va Bokudan xalqaro yo‘nalishlarda qulay bog‘lanish imkoniyatlarini taqdim etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent – Dalaman yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslar boshlangani haqida xabar bergan edi.