Yangiliklar

Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat fonida Yevropada gaz narxi ko‘tarildi

Investorlar Yaqin Sharqda keng ko‘lamli urush boshlanishidan xavotirda
Gaz narxi oshmoqda. Foto: Sean Gallup / Getty Images

Niderlandiyadagi TTF markazida iyul oyiga mo‘ljallangan gaz fyuchersining narxi 2,21% ga oshib, eng yuqori nuqtada €38,73 ($41,44) ni tashkil etdi. Bu joriy Forex bozoridagi kursga ko‘ra, 1 ming kub metr gaz uchun $470,92 ga teng. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat keskinlashgani bois tabiiy gaz narxlari oshmoqda. Bloomberg’ning yozishicha, investorlar Yaqin Sharqda keng ko‘lamli urush boshlanishidan xavotirda.

Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat fonida Yevropada gaz narxi ko‘tarildi. Grafik: TradingView

Ayni paytda gaz savdogarlari uchun eng katta xavotiralardan biri mojarolar kuchaysa, dengiz orqali gaz tashiladigan muhim yo‘lak – Ormuz bo‘g‘ozidagi ta’minot to‘xtab qolishi mumkinligi.

Shanba va yakshanba kunlari Isroil Fors ko‘rfazidagi Eronning «Janubiy Pars» gaz koniga zarba berdi. Bloomberg’ning yozishicha, dron hujumi natijasida tabiiy gazni qayta ishlash zavodida kuchli portlash va yong‘in yuz berdi. Yong‘in oqibatida dengizdagi platformalardan birida – kuniga 12 mln kub metr gaz qazib olinadigan joyda – qazib olish to‘xtatildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Isroilning Eronga hujumi fonida neft narxi oshgani haqida yozgandi.