Go‘sht narxi oshib ketmasligi uchun QQSning yarmi keshbek qilib qaytariladi

Go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxlarining keskin oshib ketmasligi maqsadida QQSning yarmi keshbek tariqasida qaytarilishi belgilandi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev videoselektorda ma’lum qildi.
Shuningdek, prezident hukumatdagi ayrim mas’ullar va vazirlar tartib-intizomga vaqtida e’tibor bermayotgani sababli islohotlar ijrosi cho‘zilayotganini keskin tanqid qildi.
Jumladan, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida aholining 70 foizi gaz bilan bog‘liq muammolar yuzasidan murojaat qilayotganini qayd etdi.
«Issiq kunlarda gazda shuncha muammo bo‘lsa, qishda odamlar qozonni nimada qaynatadi? Rahbarlarga so‘nggi ogohlantirish: bu masalaga ikki haftada yechim topsin, bo‘lmasa o‘zi bilib joyini bo‘shatsin», – dedi davlat rahbari.
Shu bilan birga, Energetika vazirligi va agentlikka oylik iste’moli 500 kVt/soatdan yuqori bo‘lgan xodimlar ro‘yxatini shakllantirish topshirildi. Ushbu xodimlarga «yashil ta’mir» krediti yoki subsidiyalar orqali yordam ko‘rsatiladi. Yil oxirigacha kamida 100 ming xonadon energiya tejamkor tizimga o‘tishi zarurligi ta’kidlandi.
Go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxlarining keskin oshib ketmasligi uchun QQSning yarmi keshbek tariqasida qaytarilishi to‘g‘risidagi yangi tartib o‘tgan hafta tasdiqlandi.
«Mutasaddilar keshbekni bir kun ham kechiktirmasligi shart. Hokimlarni ham ogohlantiraman – bu tizim asosida narxlar barqaror bo‘lishi kerak. Eplay olmaydiganlar lavozimini bo‘shatadi», – dedi prezident.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nima uchun go‘sht narxi qimmatlagani haqida yozgandi.