Yangiliklar

Hokimlik xodimlarining ish haqi oshiriladi

1-avgustdan
Hokimlik xodimlarining ish haqi oshiriladi. Foto: Freepic

1-avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklari xodimlarining ish haqi oshiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev bugun bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Shuningdek, Sirdaryo tumaniga hokimi tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga xizmat qiluvchi «Islohotlar shtabi» tuzish topshirildi. Yangi tuzilma 9 ta muhim idora vakillari, Savdo-sanoat palatasi, bank, soliq, kadastr xodimlari hamda yetakchi tadbirkorlarni birlashtiradi.

Shtabning asosiy vazifasi – 38 ta mahalla kesimida infratuzilma, loyiha, moliya va kadrlar bilan bog‘liq uch yillik kompleks dastur ishlab chiqishdan iborat. Bu dastur asosida kelgusi yilga mo‘ljallangan budjet, ishlab chiqarish, xizmatlar sohasi, investitsiya va bandlik rejalari shakllantiriladi.

Ushbu tajriba muvaffaqiyatli deb topilsa, 2026-yildan boshlab barcha hududlarda joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, 2025-yil 1-avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklari xodimlarining ish haqi oshiriladi. Xodimlarga ish samarasiga qarab ustama va bonuslar belgilanadi.

«Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Vazifani bajara olmagan xodimlarga chora ko‘riladi. Yilning yarimida kim nima ish qilganini qattiq so‘rayman!» – dedi davlat rahbari.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan tuman hokimi o‘rinbosarlari soni to‘rtta bo‘lishi haqida xabar bergandi.

Shuningdek, Sirdaryo tuman budjeti yiliga qo‘shimcha 12 mlrd so‘m daromadga ega bo‘ladi.

«Hokim, uning o‘rinbosarlari KPIni to‘liq bajarsa, keyingi yil hududga beriladigan mablag‘ 10-15 foiz ko‘paytiriladi. Aksincha bo‘lsa, mablag‘ oshirilmaydi va mas’ul rahbar ishdan ketadi», — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shu bilan birga, 15 ta tumanda boshqaruv tizimi tubdan o‘zgaradi. Yangi tizim Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Quva, Shovot, Hazorasp tumanlari, Marg‘ilon va Yangiyo‘l shaharlarida, Toshkent shahrida esa Bektemir tumanida joriy qilinadi.

Prezident 15 ta tuman hokimi uch oyda rejaga chiqmasa ishdan bo‘shatilishi haqida ogohlantirdi.