
Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik tobora kuchaymoqda. Isroil harbiy-havo kuchlari Golan tepaliklari ustida sharqdan kirib kelgan navbatdagi shubhali dronni urib tushirgan. Bu haqda Times of Israel xabar bermoqda.
Eron harbiylari havo hujumi orqali faollashmoqda. Bu hodisa so‘nggi bir soat ichida Isroil havo hududiga kirishga uringan uchinchi dron bo‘ldi. Golan tepaliklaridagi Alonei Habashan hududida to‘rtinchi dron xavfi haqida ogohlantirish berilgan.

Isroil Eron ichkarisiga yangi hujumlar boshlagani haqida ham xabarlar tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqlarda Mashhad shahrida yuz bergan aviazarbadan so‘ng osmonni qoplagan qora tutun aks etgan videolar paydo bo‘ldi. Bu hujumlar joriy to‘qnashuvlar boshlanganidan beri Eron hududiga uyushtirilgan eng chuqur zarbalar sifatida ko‘rilmoqda.

Eronning Tasnim agentligi Isroil tomonidan Ilom viloyatidagi Musiyon shahrida yong‘in xavfsizligi binosiga hujum qilingani haqida xabar berdi. Kermonshohdagi alohida hujumda esa bir shifoxona zararlangan. Binolarning shisha oynalari sinib ketgan va palatalarda jiddiy talafotlar kuzatilgani aytilmoqda.
Isroil mudofaa vaziri Isoil Kats bergan bayonotida, Isroil Tehron fuqarolarini bevosita nishonga olish niyatida emas. Biroq ularga ko‘chish va uylarini tark etish zarurati tug‘ilishini bildirgan. U Tehron aholisi «diktatura narxini to‘laydi» degan ogohlantirishni ham bergan. Katsning aytishicha, Isroil faqat harbiy va xavfsizlik infratuzilmasiga zarba bermoqda. Ammo Eron tomoni bu hujumlarni tinchlikka tahdid sifatida baholagan.

Isroil havo hududi yopilishi ortidan mamlakatda 40 mingga yaqin xorijiy sayyoh qolib ketgan. Turizm vazirligi 24/7 rejimida ishlovchi virtual axborot ofisini ishga tushirgan. Mehmonxonalar va boshqa xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda sayyohlarga turarjoy ajratilmoqda.
Iordaniya va Misr orqali quruqlikdagi chegara punktlari ochiq ekani aytilmoqda. Bu yo‘l xorijlik sayyohlar uchun mamlakatni tark etishning asosiy variantlari sifatida taklif etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Eron hujumi oqibatida Isroilda halok bo‘lganlar soni 20 nafarga yetgani haqida yozgan edi.