
So‘nggi yillarda Xitoyning LiXiang (Li Auto) brendi ostidagi premium krossoverlar O‘zbekiston va Rossiyada katta mashhurlikka erishmoqda. Biroq bu mashinalar ham mutlaq ideal emas — ularning o‘ziga xos texnik kamchiliklari bor. AutoNews nashri tomonidan foydalanuvchilar fikrlariga asoslanib, Li avtomobillarida eng ko‘p uchraydigan nosozliklar tahlil qilindi.
LiXiang L9

Li Auto Russia Club’ning ta’kidlashicha, L9 modeli butun model qatori ichida eng ishonchli hisoblanadi. Dvigatel, havo osma tizimi, multimedia va rul boshqaruvi yaxshi ishlaydi. Ba’zi avtomobillar hatto 200 ming km dan oshgan yo‘lni bosib o‘tgan bo‘lsa-da, jiddiy ta’mir talab qilinmagan.
Shunga qaramay, L9 modelida ham quyidagi muammolar kuzatilgan:
- Lidar (avtomatik boshqaruv datchigi) ayniqsa qishda ishdan chiqishga moyil;
- Panoramali tom va old oynaning tutashgan joylarida yoriqlar paydo bo‘ladi;
- Eshik pastidagi chiqadigan poroglar zanglashga moyil;
- Eshik tutqichlari g‘ijirlaydi;
- SIM-karta o‘rnatilganda telematika modullari ishlamay qolgan holatlar bor;
- Konditsionerning orqa o‘rindiqlarga olib boruvchi trubkasi yaxshi mustahkamlanmagan.
LiXiang L7

LiXiang L7 modeli ba’zi ishlab chiqarilgan partiyalarida rul boshqaruvi moduli ishlamay qolgan. Ruldagi tugmalar yonmay qolgan, avtomobil esa buyruqlarga javob bermagan. Bu nosozlik elektr simlaridagi nuqson bilan bog‘liq.
Yana bir keng tarqalgan muammo – bu pnevmatik (havo) osma tizimi. Salqin ob-havoda mashina yerga «cho‘kib», balandligi kamayib ketgan, panelda esa xatolik haqida xabar chiqadi. Ayniqsa, AMK kompressori o‘rnatilgan mashinalarda bu muammo ko‘p uchraydi.
Tomdagi lidar himoyasiz bo‘lib, suv, tosh va yo‘l reagenti unga zarar yetkazishi mumkin. Uning yangisini almashtirish esa 600 ming tenge (taxminan $1300) atrofida turadi. Shu bois uni himoya plyonka bilan yopish tavsiya etiladi.
LiXiang L6

L6 modelida, ayniqsa, qishdan keyin orqa osma qismlarida g‘ijirlagan tovushlar eshitilishi keng tarqalgan. Bunga sailentbloklar (rezinali yostiqchalar) qurib qolishi yoki zararlanishi sabab bo‘ladi. Issiq mavsumda bu muammo yo‘qoladi, ammo ba’zida detallarni almashtirishga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, boshqa umumiy muammolar:
- qishda bamperdagi avtomatik panjuralar muzlab, ishlamay qolishi mumkin;
- xavfsizlik kamarlaridan va gaz pedalidan g‘alati tovushlar chiqadi;
- sovuqda pechka ishi buzilib, salonga issiqlik yaxshi kelmaydi. Bu havo tizimining havo bilan to‘lib qolishi bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Volkswagen L9’ga raqobatlashadigan avtomobilini ishlab chiqargani haqida yozgan edi.