
Vazirlar Mahkamasining yangi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolari endilikda jinsni o‘zgartirgandan so‘ng familiya, ism va otasining ismini (F.I.O.) rasmiy ravishda o‘zgartirish huquqiga ega bo‘ldi. Bu haqda hujjatda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishlar asosida bayon qilingan.
Yangi tartibga ko‘ra, jins o‘zgartirish to‘g‘risidagi tibbiy xulosa taqdim etilgan taqdirda, fuqaro o‘z F.I.O.sini o‘zgartirish uchun ariza berishi mumkin. Masalan, jinsni o‘zgartirgan fuqaro Dilshod ismini Dilshoda deb o‘zgartirishga haqli.
Ilgari bu amaliyot «Davlat tili haqida»gi Qonunning 15-moddasi bilan chegaralangan bo‘lib, o‘zgarishlar faqat milliy an’ana va tarixiy asoslar doirasida ko‘rilgan. Endilikda esa jins o‘zgarishi ism-familiyani o‘zgartirishga mustaqil asos sifatida tan olinmoqda.
Shuningdek, F.I.O. quyidagi hollarda o‘zgartirilishi mumkin:
- davlat tili qonuniga muvofiq;
- sud qarori asosida;
- ism yoki familiya yoqimsiz eshitilsa;
- milliy mansublikka mos kelmasa;
- nikohgacha bo‘lgan familiyaga qaytish istagi bo‘lsa;
- oila a’zolari umumiy familiyani xohlasa;
- bola ota/onasi yoki vasiysining familiyasini olishni xohlasa;
- otalik belgilangan taqdirda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan endi talabalik guvohnomasining qog‘oz nusxasini olib yurish majburiy emasligi haqida xabar bergan edi.