Qoraqalpog‘iston va Jizzaxda soliq tushumi past

Yil boshidan buyon hududlar bo‘yicha Davlat budjetiga tushumlar 26 foizga oshdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Budjetga tushum oshganiga qaramasdan, ayrim viloyatlarda, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo va Xorazmda bu o‘sish respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichga yetmagan.
Prezident yig‘ilishda ta’kidlaganidek, hozirda yer, mol-mulk va suv soliqlari mahalliy budjetda qolsa-da, soliqchilarning 70 – 80 foizi aynan shu to‘lovlarni uyma-uy yurib undirishga sarflamoqda.
«Bu bir so‘m soliq yig‘ish uchun ikki so‘m resurs sarflash bilan barobar emasmi? Aslida, agar soliqchilar soliq to‘lash majburiyat emas, balki Konstitutsiyaviy burch ekanini televizor, gazeta va ijtimoiy tarmoqlarda tushuntirsa, xalqning o‘zi soliq to‘lab qo‘yadi», – dedi prezident.
Davlat rahbari ta’kidlashicha, agar mahalladagi soliqchi ushbu vaqtini soliq bazasini kengaytirishga yo‘naltirsa, tushumlar bir necha barobarga oshishi mumkin.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga mahallalarda yer, mol-mulk va suv soliqlarini undirish bo‘yicha yangi, samarali mexanizm ishlab chiqish topshirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 15 ta tuman hokimi uch oyda rejaga chiqmasa ishdan bo‘shatilishi haqida yozgandi.