
Realme o‘zining Narzo 80 liniyasini yangi model – Narzo 80 Lite 5G smartfoni bilan to‘ldirdi. Qurilma budjet toifasidagi bo‘lishiga qaramay, 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi va yaxshi texnik xususiyatlarga ega. Bu haqda kompaniya saytida xabar berildi.
Smartfonga 6,67 dyuymli HD+ (1604×720) o‘lchamdagi 120 Gts yangilanish chastotasiga ega LCD displey o‘rnatilgan. Uning maksimal yorqinligi 625 nitga yetadi. Narzo 80 Lite 5G MediaTek Dimensity 6300 chipi asosida ishlaydi. 4 yoki 6 GB tezkor, 64 yoki 128 GB doimiy xotira bilan taqdim etiladi. Shuningdek, 12 GB gacha virtual xotirani kengaytirish imkoniyati ham mavjud.

Smartfon 6000 mA·soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. U 15 vattli quvvat bilan zaryadlanadi. To‘plamda aynan shu kuchdagi zaryadlovchi adapter ham mavjud.
Kameralar tarkibida 32 MP asosiy GalaxyCore GC32E2 sensori va 8 MP old kamera bor. Qurilmaning korpusi 7,94 mm qalinlikda. Uning og‘irligi 197 grammni tashkil etadi. U IP64 darajasidagi chang va suvdan himoya hamda MIL-STD-810H harbiy sertifikatiga ega. Bu esa uni zarbalarga chidamli qiladi.

Narzo 80 Lite 5G ikkita SIM-karta, 5G, Wi-Fi (ikki diapazonli), Bluetooth 5.3, GPS va USB Type-C portlari orqali ulanish imkonini beradi. Qurilma Android 15 asosidagi Realme UI 6.0 operatsion tizimida ishlaydi.
Yangi modelning narxi $115 dan boshlanadi. Savdolar 20-iyun kuni Amazon va Realme India rasmiy saytida boshlanadi. Smartfon Crystal Purple va Onyx Black ranglarda taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 122 dollarlik Realme C73 smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.