Sobiq deputat Qobil Dusov 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

eʼlon qilindi
Tuhmat, haqorat va yolg‘on xabar tarqatishda aybdor deb topilib
Qobil Dusov, qamoq
Foto: Qobil Dusov Telegram kanali

Shayxontohur tumani jinoyat ishi bo‘yicha sud majlisida sobiq deputati Qobil Dusov tuhmat, haqorat va yolg‘on xabar tarqatishda aybdor deb topilib, 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot kotibi xabar berdi.

Dusov quyidagi jinoyat moddalari asosida aybdor deb topildi:

  • Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi «a» bandi – og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatda ayblab tuhmat qilish;
  • 140-moddaning 3-qismi «a» bandi – jabrlanuvchining xizmat burchini ado etish bilan bog‘liq haqorat;
  • 237-moddaning 2-qismi «g» bandi – og‘ir jinoyat to‘g‘risida yolg‘on xabar berish.

Mart oyida Toshkent shahar sudi Dusovga nisbatan chiqarilgan sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirgandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudining 2025-yil 24-yanvardagi qarori apellyatsiya bosqichida ham o‘z kuchida qoldirildi. Dusov Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi «a» bandi bo‘yicha aybdor deb topilgan. Unga dastlab bir yil-u ikki oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.

Yashnobod tumani IIO FMB Probatsiya bo‘limi Dusov belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilmaganini bildirgan. Unga kech soat 21:00 dan ertalab 07:00 gacha yashash joyidan chiqish taqiqlangan, internetdan foydalanish va ommaviy tadbirlarda qatnashish cheklovlari qo‘yilgandi. Shunga qaramay u cheklovlarni buzgan, internetdan foydalanishda davom etgan.

11 va 24-yanvar kunlari intizomiy jazo tariqasida ogohlantirish berilishiga qaramasdan, u tartibga amal qilmagan. Shu sababli, sud tomonidan sobiq deputatning ozodlikni cheklash jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Shuningdek