Sony PlayStation 6 an’anaviy konsol bo‘ladi

Sony o‘zining kelgusi avlod o‘yin konsoli – PlayStation 6 haqida muhim bayonot berdi. Kompaniyaning o‘yinlar bo‘limi prezidenti Xideaki Nishino bergan intervyusida ta’kidlanishicha, yangi platforma faqat bulutli tizimga asoslanmaydi, balki an’anaviy konsol shaklida bo‘ladi. Bu haqda gamemag nashri ma’lum qildi.
Nega bulut emas
Nishino bu qarorni quyidagicha asoslagan:
«Bulutli texnologiyalar bizda mavjud va ularni xizmatlarimizda ko‘rsatib kelmoqdamiz. Biroq bu texnologiyalar hozircha global miqyosda barqaror emas. Internet sifati har doim ham bir xil emas, narxi esa ko‘p mintaqalarda yuqori. Shu sababli, o‘yinchilarning aksariyati hanuzgacha tarmoqqa ulanmagan holatda o‘ynashni afzal ko‘rmoqda».
PlayStation 4 hali ham muhim rol o‘ynamoqda
Sony’ning konsol strategiyasi hali ham ko‘p darajali. Hozirda PlayStation 4 foydalanuvchilari katta ulushni tashkil qilmoqda va kompaniyaga barqaror daromad keltirmoqda. Shu bois PlayStation 6 ham an’anaviy qurilma bo‘lib qoladi – foydalanuvchilar jismoniy qurilma orqali o‘yinlardan foydalanishda davom etadi.
Yangi imkoniyatlar, ammo tafsilotlar hali yo‘q
Sony hali qurilmaning texnik imkoniyatlari haqida rasmiy ma’lumot bermagan. Ammo Nishinoning so‘zlariga ko‘ra:
«PlayStation konsollarining kelajagini ta’minlash bizning ustuvor vazifamizdir. Biz o‘yinchilar uchun ishlashning yangi va takomillashtirilgan usulini taklif etishni maqsad qilganmiz».
PlayStation 6 qachon chiqadi
Ilgari sud hujjatlarida keltirilishicha, PlayStation 6 2028-yil oxiridan avval chiqarilmaydi. Texnik jihatdan esa kamida 24 GB tezkor xotira bilan ta’minlanishi kutilmoqda, bu esa kuchli grafik imkoniyatlar va barqaror ishlashni anglatadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sony endi telefon ishlab chiqarmasligi haqida xabar bergan edi.