
«Toshkent» respublika fond birjasida (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 6-iyundan 13-iyungacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 1,2 foizga o‘sdi.
«Universal bank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 7,78 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Uzbekinvest» (+4,56%), «Ipak Yo‘li banki» (2,07%) va «O‘zsanoatqurilishbank» (2,89%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Biroq «UzAuto Motors» aksiyalari 6,45 foizga arzonlashib, eng katta pasayishni ko‘rsatdi. «Qizilqumsement» (-6,32), «Olmaliq KMK» (-5,06 %) va «O‘zbekgeofizika» (-4,5%) kompaniyalari ham aksiyalarining keskin qadrsizlanishi bilan ajralib turdi.
Boshqa bir qator kompaniyalar, jumladan, «O‘zmetkombinat» va «Chilonzor buyum savdo kompleksi» aksiyalarining narxida esa o‘zgarish kuzatilmadi.

Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (503 ta bitim) yaqool peshqadam bo‘ldi. «O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi» (398 ta bitim) va «Qizilqumsement» (341 ta) peshqadam bo‘ldi.
Ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «O‘zRTXB» (222,13 mln) yetakchilik qildi. «Qizilqumsement» (132,3 mln so‘m) va «Hamkorbank» (106,1 mln so‘m) yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan oltitasi haftani ijobiy, to‘rttasi o‘zgarishsiz, qolgan o‘n to‘rttasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 2,32 mlrd so‘m bo‘ldi.
Avvalroq «Ipoteka-bank» aksiyalari 5 foizga tushgani haqida yozgan edik.