
Yaponiyaning mashhur dzyudochisi, «Tokio – 2020» Olimpiadasi chempioni va endilikda 5 karra jahon chempioni Uta Abe yaqinda Vengriyadagi jahon chempionatidagi g‘alabasidan so‘ng Diyora Keldiyorovaga murojaat qildi.
«Parij – 2024» Olimpiadasining ilk bosqichidayoq o‘zbek sportchisi qo‘lidan sensatsion tarzda yengilgan Abe, hali ham bu mag‘lubiyatni unutmagan ko‘rinadi.
«Olimpiada o‘tganiga ham ancha bo‘ldi, men bu musobaqa medalini qo‘lga kiritishni juda ham xohlagandim. Keldiyorova bu yerda bo‘lmaganidan hafsalam pir bo‘ldi. Umid qilamanki, u qaytadi, shunda men undan revansh olaman», – dedi Abe jurnalistlarga bergan intervyusida.
Ammo Uta Abe istagan revansh yaqin orada bo‘lmasligi aniq: Diyora Keldiyorova ayni damda sportdan tanaffus olgan, 2025-yilda onalik baxtiga muyassar bo‘lishi kutilmoqda. Mutaxassislarning taxminicha, Keldiyorova sportga 2026-yildayoq qaytmasligi mumkin, uning qaytishi 2027-yil o‘rtalariga to‘g‘ri kelishi, «Los-Anjeles – 2028» Olimpiadasiga tayyorgarlik sifatida bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Diyora Keldiyorova dzyudo sport klubi ochgani haqida xabar bergan edi.