Xalq qabulxonalari tizimidagi barcha xodimlari ishdan bo‘shatiladi

eʼlon qilindi
Xalq qabulxonalariga hokimlar rahbarlik qiladi
Xalq qabulxonalarining barcha xodimlari ishdan bo‘shatiladi. Foto: Xalq qabulxonasi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda Xalq qabulxonalari tizimidagi barcha xodimlari bugundan boshlab ishdan bo‘shatilishi topshirildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

«Xalq qabulxonalari tizimi aholining dardini eshitib, muammolarini hal qilish o‘rniga murojaatlarni davlat tashkilotlariga taqsimlovchi oddiy «dispetcher»ga aylanib qolgan», – dedi davlat rahbari.

Shuningdek, o‘tgan yili virtual va Xalq qabulxonalariga yuborilgan murojaatlarning 55 foizi ijobiy hal etilmagan. Shu sababli, ijtimoiy tarmoqlarda shikoyatlar soni oshgan. Eng ko‘p murojaatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud, hokimliklar, ta’lim va ekologiya sohalariga tegishli.

Mingga yaqin murojaatlarda prezidentning shaxsiy qabuli so‘ralgan. Ayniqsa, Toshkent shahri va Buxoro viloyatida mansabdor shaxslar ustidan shikoyatlar ko‘paygani ta’kidlandi.

Shu sababdan, Xalq qabulxonalarining barcha xodimlari bugundan boshlab ishdan bo‘shatilib, tizim fidoiy, masalalarni hal qila oladigan mutaxassislar bilan to‘ldirilishi topshirildi.

Endilikda har bir viloyat va tuman hokimi Xalq qabulxonasiga rahbarlik qiladi. Hokimlar ish kunini aholining muammolarini eshitish bilan boshlaydi.

«Hokimlar bir narsani tushunib olsin, bugun tug‘ilgan muammoni ertaga qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Murojaat shu joyning o‘zida hal qilinadi», – dedi prezident.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Prezident administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi tugatilgani haqida yozgandi.

Shuningdek