
AQSh Atlantika orqali yoqilg‘i quyuvchi samolyotlarni ommaviy ravishda o‘tkaza boshladi. Bu haqda The Times of Israel xabar berdi.
2025-yil 15-iyun kuni kechki paytdan boshlab AQSh sharq tomonga, ya’ni Atlantika okeani orqali, 30 dan ortiq KC-135 va KC-46 yoqilg‘i quyuvchi samolyotlarni jo‘natdi. Xabarga ko‘ra, bu samolyotlar AQShning materikdagi harbiy bazalaridan jo‘natilgan.
Samolyotlar nima maqsadda joylashtirilmoqda
Military Watch Magazine ta’kidlashicha, Isroil harbiy-havo kuchlarining F-15 qiruvchilari Eronga havodan hujum qilish uchun yoqilg‘i quyilmasdan yetib bora oladi, biroq Isroil floti tarkibining katta qismini tashkil qiluvchi F-16 qiruvchilari bunday imkoniyatga ega emas. Hatto tashqi yoqilg‘i baklari va uzoq masofali qanotli yoki ballistik raketalardan foydalangan taqdirda ham bu samolyotlar Erondagi aksar nishonlarga yetib bora olmaydi.
Reuters xabariga ko‘ra, AQSh atom aviatsiya kemasi USS Nimitz Janubiy Xitoy dengizidan Yaqin Sharq tomon yo‘l olgan. Avvaliga kemaning 20-iyun kuni Vyetnamning Danang portiga yetib borishi rejalashtirilgan edi, biroq «favqulodda harbiy zarurat» tufayli tashrif bekor qilingan.
AP agentligi xabariga ko‘ra, AQSh Yaqin Sharqqa harbiy kuchlarni, jumladan, harbiy kemalarni yuborishni boshlagan. Amerika qiruvchi samolyotlari mintaqa osmonida patrullik qilmoqda. Ballistik raketalardan himoyalanish qobiliyatiga ega bo‘lgan USS Thomas Hudner esminetsiga (harbiy kema) O‘rta yer dengizining sharqiy qismiga yo‘l olish buyrug‘i berilgan. Ikkinchi esminets ham harakatga tayyor holatda turishi kerakligi aytilgan, shunda u kerak bo‘lsa Oq uy tomonidan chaqirilgan paytda tezda javob bera oladi.
AQSh Isroilga qanday yordam bermoqda
AQSh Yaqin Sharqda asosan Yamandagi husiylarga qarshi harbiy operatsiyani olib bormoqda. Shunga qaramay, AQSh Isroil va Eron o‘rtasidagi qurolli mojaro ishtirokchisi emas, lekin Vashington ochiqchasiga Isroilni qo‘llab-quvvatlagan. Axios nashrining yozishicha, AQSh Isroilga Eronning havo hujumlariga qarshi turishda yordam ko‘rsatgan.
Agar Eron AQShga qandaydir tarzda hujum qilsa, Tramp javoban «AQSh qurolli kuchlarining butun qudratini» ishga solish bilan tahdid qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron–Isroil mojarosining beshinchi kunidagi tafsilotlar haqida xabar bergandi.