
Audi o‘zining Audi Q3 krossoverini to‘liq yangiladi va uchinchi avlod modelini rasman taqdim etdi. Bu haqda Motor1 xabar bermoqda.
Yangi Q3 dizayni, saloni va texnik xususiyatlari bilan avvalgi avloddan keskin farq qiladi. Tashqi ko‘rinishda avtomobil faralarining yangi shakli e’tiborni tortadi. Asosiy chiroqlar qoraytirilgan oynalar ostida joylashgan bo‘lib, faqatgina yuqori qismdagi kunduzgi chiroqlar ko‘rinadi. Har bir farda 25,6 ming dona LED element mavjud. Orqa fonarlar esa pastki LED chiziq bilan ajratilgan. Ularning grafik uslubi sozlanadi.

Yangi Q3 oldingi Audi Quattro modelidan ilhomlangan g‘ildirak arkalari bilan taqdim etiladi. Boshlang‘ich modelda 17 dyuymli disklardan, eng yuqori versiyada esa 20 dyuymli disklardan foydalaniladi. G‘ildiraklarning eni 215 mm dan 235 mmga oshirilgan. Aerodinamik qarshilik koeffitsiyenti esa 0,32 dan 0,30 ga tushirilgan.

Salon zamonaviy Audi uslubida bezatilgan. Haydovchi uchun 11,9 dyuymli raqamli panel va markazda 12,8 dyuymli sensorli ekran mavjud. Yangi Q3 modelida akustik yon oynalar qo‘llanilgan – bu avtomobil ichida sokinlikni oshiradi. Uzatilma tanlovi ham o‘zgartirilgan. Ustun orqasiga o‘tkazilgan uzatmalar selektori tufayli markaziy konsolda bo‘sh joy paydo bo‘lgan.

Texnik jihatdan yangi Q3 quyidagi variantlarda taqdim etiladi:
- 1,5 litrli benzinli turbo dvigatel (148 ot kuchi), 7 pog‘onali robotlashtirilgan uzatma, old g‘ildirakdan tortish tizimi bilan.
- 2,0 litrli benzinli dvigatel (261 ot kuchi, 400 Nm), Quattro to‘liq g‘ildirakdan tortish tizimi bilan.
- 2,0 litrli dizel (148 ot kuchi, 360 Nm), hozircha faqat old g‘ildirakdan tortish bilan.
Eng kuchli versiya – bu 2026-yilgi Q3 plug-in (tokdan quvvatlanuvchi) gibrid modeli. Unda 1,5 litrli benzinli dvigatel va elektromotor birgalikda 268 ot kuchi va 400 Nm kuch beradi.

Batareya sig‘imi 19,7 kVt/soat bo‘lib, elektrda yurish masofasi 120 km gacha yetadi. 50 kVt quvvatdagi zaryad yordamida batareyani 30 daqiqada 10% dan 80% gacha to‘ldirish mumkin.
Germaniyada yangi Q3 narxi 44,6 ming yevrodan boshlanadi, gibrid versiyasi esa 49 300 yevrodan boshlanadi. Q2 ishlab chiqarish to‘xtatilgani sabab, Q3 Audi’ning eng arzon krossoveri bo‘lib qoladi. To‘liq elektrli versiya hozircha rejalashtirilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Audi A7L 2025 taqdim etilgani haqida yozgan edi.