
Chery kompaniyasi Tiggo 8 Plus Chengfeng Edition va Tiggo 8L Changhong Edition nomli yangi krossover modellari 28-iyun kuni rasman namoyish etilishini e’lon qildi. Bu haqda ITHome nashri xabar bermoqda.
Hozircha avtomobillarning aniq texnik tafsilotlari oshkor etilmagan, biroq ularning dizayni va ayrim asosiy jihatlari ma’lum qilindi.

Tiggo 8 Plus Chengfeng Edition zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lib, yashirin eshik tutqichlari, orqa qismini esa uzluksiz chiroqlar va sport uslubidagi spoiler bezab turadi. Shuningdek, avtomobil ikki tomonlama chiqarish tizimiga ega. Salon markazida esa katta – 15,6 dyuymli sensorli boshqaruv ekrani joylashgan.
Tiggo 8L Changhong Edition esa old qismining dizayni bilan e’tiborni tortadi – keng va yaltir matritsali panjarasi, ingichka tutunrang faralari bor. Bu modelda ham yashirin eshik tutqichlari ishlatilgan. Ichki qismida esa 15,6 dyuymli «suzuvchi» markaziy ekran mavjud.

Hozirgi avlod modellari 2,0 litrli dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, u 187 kVt quvvat va 390 Nm aylanish momenti ishlab chiqaradi.
Yangi krossoverlar haqida qo‘shimcha ma’lumotlar yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Chery – Xitoyning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisidir. Unga 1997-yilda asos solingan. Kompaniya asosan yo‘ltanlamas avtomobillar va krossoverlar ishlab chiqaradi. So‘nggi yillarda Chery global bozorga faol chiqdi. U o‘z mahsulotlarini Osiyo, Yevropa va Lotin Amerikasi davlatlariga eksport qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery Chevrolet Damas narxidagi elektromobilini taqdim etgani haqida yozgan edi.