Dunyodagi eng kichik SSD taqdim etildi

Twopan kompaniyasi o‘zining eng kichik SSD – Nano SSDni taqdim etdi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.
Bu dunyodagi eng kichik va eng yengil daktiloskopik datchik (barmoq izi skaneri) bilan jihozlangan tashqi SSD bo‘lib, faqat 5 gramm og‘irlikka ega.
Nano SSD o‘lchamlari atigi 20 x 13 x 5 mm, ammo unga 512 GB sig‘imli flesh-xotira sig‘dirilgan. Qurilma aluminiy va plastmassadan tayyorlangan bo‘lib, IP65 standartiga muvofiq suv va changdan himoyalangan. Shuningdek, u 10 metr balandlikdan tushishga bardosh bera oladi.
Yangi SSD USB 3.1 Gen1 (450 MB/s) standartini qo‘llab-quvvatlaydi va USB-C interfeysli smartfon, planshet va kompyuterlar bilan to‘liq mos keladi. Eng muhim jihati, barmoq izi orqali shifrlangan himoya: faqat egalari qurilmaning qulfini ochib, fayllarga kirish imkoniga ega bo‘ladi.
Nano SSD hozircha faqat 512 GB versiyada taqdim etilgan bo‘lib, Indiegogo platformasida $78 ga buyurtma berish mumkin. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, yetkazib berish 2025-yil iyul oyida boshlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sony PlayStation 6 an’anaviy konsol bo‘lishi haqida xabar bergan edi.