Ilhom Haydarov O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi bo‘ldi

O‘zbekistonning Turkiyaga yangi tayinlangan elchisi Ilhom Haydarov o‘z faoliyatini boshlash uchun Anqaraga yetib keldi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
U Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Protokol boshqarmasi rahbari Ahmet Jemil Miro‘g‘lu bilan uchrashdi. Unga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.
Ma’lumot uchun, Ilhom Haydarov O‘zbekiston Milliy universiteti, Rossiya Tashqi savdo akademiyasi hamda AQShdagi xalqaro paxta maktabini tamomlagan.
Ilgari u Ukrainadagi O‘zbekiston elchisi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida rahbar lavozimlar, «O‘zbekengilsanoat» kompaniyasi rahbari va Ish beruvchilar konfederatsiyasi raisi sifatida ishlagan. Ingliz va fransuz tillarini mukammal biladi.
Unga qadar bu lavozimda Alisher Agzamxo‘jayev faoliyat yuritgan. Agzamxo‘jayev 2017 – 2025-yillar davomida Turkiyada, 2018-yildan esa Bolgariyada ham elchi sifatida ishlagan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonning Maldivdagi ilk elchisi tayinlangani haqida xabar bergandi.
O‘zbekistonning Maldiv Respublikasiga (qarorgohi Dehli shahrida) tayinlangan birinchi elchisi Sardor Rustamboyev Maldiv prezidenti Muhammad Muizzu huzuriga chiqib, ishonch yorliqlarini topshirdi.
Shuningdek, Ravshan Usmonov O‘zbekistonning Irlandiyadagi elchisi etib tayinlangandi.
O‘zbekistonning Irlandiyadagi elchisi Ravshan Usmanov Irlandiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Ralf Viktoriga ishonch yorliqlarini topshirdi. Usmonov 2023-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi elchixonasini ham boshqarib kelmoqda.
Shu bilan birga, Oleg Malginov O‘zbekistondagi Rossiya elchixonasiga to‘rt yil rahbarlik qildi. U 2021-yildan 2025-yil iyungacha elchi lavozimida ishlagan. Ushbu ma’lumotni «Rossotrudnichestvo» agentligi Kursiv Uzbekistan nashriga tasdiqlagandi.