Yangiliklar

O‘zbekistonda 200 dan ortiq dorixonalar asossiz daromad topayotgani aniqlandi

2,6 milliard so‘m
225 ta dorixonada 2,6 milliard so‘mdan ortiq asossiz daromad. Foto: depositphotos.com

Fair Tech yagona axborot tizimi orqali olib borilgan monitoring natijalariga ko‘ra, respublika bo‘ylab 225 ta dorixonada dori vositalari savdosi jarayonida belgilangan tartib buzilgani ma’lum bo‘ldi. Bu dorixonalar umumiy hisobda 2,6 mlrd so‘mdan ortiq asossiz daromad olgan. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

2025-yilning hozirgacha bo‘lgan davrida 62 mingdan ortiq qonunbuzarlik holatlari qayd etilgan. Tegishli tartibda huquqiy choralar ko‘rilib, noqonuniy olinadigan mablag‘larni qaytarish ishlari boshlangan.

Ayniqsa, quyidagi kompaniyalar ulgurji savdo jarayonida belgilangan narx me’yorlarini buzgan holda mahsulot realizatsiyasini amalga oshirgani aniqlangan:

  • «Evro farm biznes» MChJ – 1744 ta holat;
  • «Tar pharm alliance» MChJ – 1695 ta holat;
  • «Garmoniya farm» MChJ – 5191 ta holat.

Shu asosda narxlarni asossiz oshirish alomatlari bo‘yicha yuqoridagi MChJlarga nisbatan Raqobat qo‘mitasining Maxsus komissiyasi tomonidan ish qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosiga chek qo‘yilgani haqida xabar bergandi.