Yangiliklar

O‘zbekistonning JSTga a’zolik yo‘lidagi muzokaralar Xitoy bilan yakunlandi

Shuningdek, yetakchilar «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishini tezlashtirish zarurligini qayd etdi
O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani haqida Xitoy bilan bayonnoma imzolandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bugun, 17-iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin muzokara o‘tkazdi.

Tomonlar ikki tomonlama hamda mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Asosan kambag‘allikka qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, yetakchilar «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» strategik temir yo‘li qurilishini tezlashtirish zarurligini qayd etdi.

Bundan tashqari, ta’lim, fan, turizm, madaniyat, kadrlar tayyorlash va xitoy tilini o‘rganish sohalaridagi almashinuvlarni kengaytirishga qiziqish bildirildi.

Kelgusi yilda ikki davlatda madaniyat va san’at haftaliklarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Uchrashuvda xalqaro kun tartibidagi masalalar ham muhokama qilindi. BMT, ShHT, «Markaziy Osiyo – Xitoy» formati va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida hamkorlikni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Yakunda yetakchilar huzurida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani haqida bayonnoma imzolandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Ostonada qanday kutib olingani haqida yozgandi.