Prezident «Made in Central Asia» savdo belgisini joriy etishni taklif qildi

eʼlon qilindi
«Markaziy Osiyo – Xitoy» ikkinchi sammitida
Prezident «Made in Central Asia» savdo belgisini joriy etishni taklif qildi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 17-iyun kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – Xitoy» ikkinchi sammitida nutq so‘zladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev raisligida o‘tgan ushbu sammitda mintaqa davlatlari rahbarlari va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin qatnashdi. Sammitda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va xavfsizlik masalalari muhokama qilindi.

Prezident o‘z nutqida bugungi geosiyosiy vaziyatda ishonchli muloqot va hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi. U mintaqaviy birdamlik har bir davlat taraqqiyoti uchun muhim omil ekanini qayd etdi va do‘stona qo‘shnichilik munosabatlarini chuqurlashtirishga chaqirdi.

O‘zbekiston rahbari savdo aylanmasi hajmining $100 mlrdga yaqinlashganini e’tirof etib, «Made in Central Asia» savdo belgisini joriy etish, «Raqamli Ipak yo‘li» platformasini yaratish va bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida aloqalarni yo‘lga qo‘yishni taklif etdi. Transport-logistika sohasida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasining strategik ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, ekologik muammolar, suv resurslaridan oqilona foydalanish va iqlim o‘zgarishi xavflariga qarshi hamkorlikda kurashish zarurligi aytib o‘tildi. Markaziy Osiyo – Xitoy ekologik alyansi tuzish va ekologik texnologiyalar transferini jadallashtirish taklif qilindi.

Uchrashuv doirasida madaniy-gumanitar almashinuv, qo‘shma ta’lim loyihalari, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi. Sammitda ilgari surilgan takliflar mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning «Markaziy Osiyo – Italiya» sammitida ishtiroki haqida yozgan edik.

Shuningdek