Eron–Isroil mojarosining beshinchi kuni: Diplomatik muzokaralar va harbiy qarama-qarshilik keskinlashuvi

eʼlon qilindi
Muzokaralarga umid bildirilmoqda, ammo ba’zi shartlar bor
Eron–Isroil mojarosining beshinchi kuni: Diplomatik muzokaralar va harbiy qarama-qarshilik keskinlashuvi / Foto: Brookings

Eron rasmiylari AQSh bilan yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini bildirgan, biroq bu jarayon boshlanishi uchun avvalo Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan harbiy hujumlar to‘xtatilishi kerakligini ta’kidladi. Bu haqda Washington Post nashri diplomatik manbalarga tayanib xabar berdi.

Foto: The Times of Israel

Muzokaralar bo‘yicha vositachilik tashabbusini Omon va Qatar davlatlari ilgari surmoqda. CNN telekanalining ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Milliy xavfsizlik kengashiga Eron tomoni bilan muloqot o‘rnatish uchun zudlik bilan chora ko‘rishni topshirgan. Shuningdek, u «Katta Yettilik» (G7) sammitini muddatidan oldin tark etib, Oq uyda vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi.

Isroil va Eron o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilik esa keskin tus olib bormoqda. Isroil 13-iyun kuni Eron yadro obyektlariga keng ko‘lamli havo hujumlarini boshlagan edi. Bunga javoban Eron raketa va dron zarbalari bilan javob bermoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Eron tomoni 220 dan ortiq fuqaro halok bo‘lganini, 1200 nafardan ziyodi yaralanganini bildirgan. Isroil esa 20 dan ortiq o‘lim holati va 600 dan oshiq yarador haqida xabar bergan.

Isroil Mudofaa armiyasi 17-iyun kuni Tehrondan navbatdagi raketa hujumlari qayd etilganini va havo mudofaa tizimlari ishga tushganini e’lon qildi. Shu bilan birga, Tehron yaqinidagi Natanz yadro majmuasiga yetkazilgan zarar jiddiy ekani bildirilmoqda.

Foto: Hurriyet Daily News

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an esa Isroilning Eron bilan to‘qnashuviga G‘arb davlatlarining cheksiz qo‘llab-quvvatlashi sabab bo‘lganini ta’kidladi. U mintaqadagi notinchlik har bir davlatga xavf solishini eslatdi.

Ayni vaqtda AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar istiqboli noaniq bo‘lib qolmoqda. Tramp Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga qat’iy qarshi ekanini yana bir bor ta’kidlab, Tehronni zudlik bilan evakuatsiya qilishga chaqirgan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa AQSh tomonidan taklif qilingan sulh tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, tomonlarni keng qamrovli muzokaralarga undamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq G7 rahbarlari global inqirozlarga qarshi birlikka chaqirgan edi.

Shuningdek