Urushda g‘olib bo‘lmaydi – TIV o‘zbekistonliklarni provokatsiyalarga uchmaslikka chaqirdi

eʼlon qilindi
Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarga murojaat bilan chiqdi
TIV o‘zbekistonliklarni provokatsiyalarga uchmaslikka chaqirdi / Foto: AFP

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqda, jumladan, Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik qurolli to‘qnashuvlarga aylangani sababli fuqarolarga murojaat bilan chiqdi.

So‘nggi kunlarda mintaqadagi vaziyat jiddiylashib, butun dunyo hamjamiyatida xavotir uyg‘otmoqda. Mojaroning chuqurlashuvi mintaqa barqarorligi va tinchligiga tahdid solmoqda. Eng katta zarar esa tinch aholiga, ayniqsa, bolalar va ayollarga yetmoqda.

«O‘zbekiston Respublikasi urushni muammolarni hal etish vositasi deb emas, balki inson hayoti, barqarorlik va taraqqiyotga jiddiy xavf soluvchi holat sifatida baholaydi. Urushda g‘olib bo‘lmaydi. Eng katta yo‘qotishni doim oddiy insonlar tortgan va bugun ham shunday bo‘lmoqda. O‘zbekiston har doim tinchlikparvar siyosat yuritib kelgan va shunday davom etadi. Mamlakatimiz barcha davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirib kelmoqda», – deyiladi murojaatda.

TIV fuqarolarini mojarolarga nisbatan diniy, irqiy yoki boshqa shaxsiy mansubliklar asosida munosabat bildirmaslikka, har qanday nafrat va ziddiyat targ‘ibiga qarshi turishga chaqiradi.

Shuningdek, fuqarolarni turli provokatsiya va haqoratomuz chaqiriqlarga uchmaslikka, holatlarga nisbatan hissiyot emas, balki vazmin munosabatni saqlab qolishga da’vat etadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston va xorijdagi isroilliklarga muhim tavsiyalar berilgani haqida yozgandi.

Shuningdek