Gadjetlar

Voz kechish kerak bo‘lgan uchta iPhone modeli

Ular iOS 26 operatsion tizimi bilan jihozlanmaydi
Voz kechish kerak bo‘lgan uchta iPhone modeli / Foto: «Palach»

Apple yaqinda iOS 26 operatsion tizimini tanishtirdi. Shu bilan birga, ayrim eski iPhone modellari bu yangilanishni olmaydi. «Palach» nashri bu modellarni ularning alternativalari bilan bitta maqolaga jamladi.

iPhone XR, iPhone XS va iPhone XS Max smartfonlari 2018-yilda chiqqan edi. O‘z vaqtida juda mashhur bo‘lgan. Ammo Apple odatda har bir modelni 5–6 yilgacha yangilab turadi. Endi bu uchta model yangilanishdan chiqib ketgani aytilmoqda. Ularda yangi dasturlar va xavfsizlik yangilanishlari bo‘lmaydi. Shuning uchun ularni ishlatish xavfli va noqulay bo‘lib boradi.

Foto: «Palach»

Bu modellarning o‘rniga qayslarini xarid qilish mumkin?

  • iPhone XR o‘rniga – iPhone 16e. OLED ekran, kuchli chip, yaxshi kamera va USB-C port mavjud.
  • iPhone XS o‘rniga – iPhone 16. Dynamic Island, ikki kamera, chiroyli dizayn va kuchli ishlash tizimiga ega.
  • iPhone XS Max o‘rniga – iPhone 16 Pro Max. Katta ekran, ProMotion texnologiyasi, eng kuchli chip, zo‘r kamera va kuchli batareyaga ega.

Shuningdek, iPhone 11 va iPhone SE (2020) egalari ham asta-sekin yangilanish haqida o‘ylab qo‘yishlari kerak. Ehtimol, keyingi yili bu modellarga ham iOS 27 kelmaydi.

Foto: «Palach»

Ma’lumot o‘rnida, iOS 26 — Apple kompaniyasining navbatdagi operatsion tizimi bo‘lib, iPhone foydalanuvchilari uchun ko‘plab yangilik va imkoniyatlarni taqdim etadi. Bu versiyada tizim tezligi oshirilgan, xavfsizlik kuchaytirilgan va foydalanuvchi interfeysi yanada soddalashtirilgan.

Sun’iy intellekt yordamida yozishmalar, suratlar va eslatmalar bilan ishlash osonlashgan. Siri ovozi tabiiyroq eshitiladi va ko‘proq buyruqlarni tushunadi. Yangi iOS 26 faqat yangiroq modellarga keladi, eski qurilmalarga esa qo‘llab-quvvatlash to‘xtatiladi. Yangilanish 2025-yil kuzida keng ommaga taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri iPhone 16e smartfonining ustunligi va kamchiliklari haqida yozgan edi.