
Chery kompaniyasi Xitoyda 2026-yilgi Tiggo 7 Sport va Tiggo 7 Plus modellarini taqdim etdi. Har ikkala model ham qulay narx bilan ajralib turadi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Tiggo 7 Sport 87 900 yuandan (taxminan $12 ming) boshlanadi. Tiggo 7 Plus esa 91 900 yuan ($12,8 ming) turadi. Xuddi shunday narxga Chevrolet Cobalt avtomobilini xarid qilish mumkin. Modelni 146 mln so‘mga ($11,5 ming) sotib olsa bo‘ladi. Chery kompaniyasining yangi modellari mahalliy bozorga kirib kelganida bojxona va qo‘shimcha to‘lovlar evaziga qimmatroq bo‘lishi mumkin.

Tiggo 7 Sport uchun yangi 1.5 litrli turbo dvigatel taklif etilmoqda. U 115 kVt quvvat va 230 Nm moment beradi. 6 bosqichli ho‘l tipdagi ikki muftali avtomatik uzatmalar qutisi bilan juftlangan. Shuningdek, kuchliroq 1.6T versiyasi ham mavjud. U 145 kVt va 290 Nm quvvatga ega. 7 bosqichli DCT bilan birga ishlaydi. Bu model ko‘proq yoshlarga mo‘ljallangan bo‘lib, sport ko‘rinishga ega.

Unda split faralar, katta to‘rli old panjara mavjud. Yashirin eshik tutqichlari va 18 dyuymli disklar bilan jihozlangan. Kuzov ranglari orasida kumush, kulrang, qora va oq variantlar bor.
Salonida 13.2 dyuymli sensorli ekran, 10.25 dyuymli raqamli panel va ko‘p funksiyali uch tutqichli rul mavjud. Haydovchi o‘rindig‘i isitiladi va ventilyatsiya qilinadi. Old yo‘lovchi o‘rindig‘i ham isitiladi. Yorug‘likli oynachalar, 540 darajali kamera tizimi va avtomatik konditsioner ham bor.

Yuqori toifali versiyada avtomatik uzoq-yorug‘lik faralar, elektr soyali panoramali tom va ventilyatsiyalanuvchi old yo‘lovchi o‘rindig‘i mavjud.
Unda videoyozuv funksiyasi, 50 Vt simsiz quvvatlash va harakatga sezgir orqa eshik ham bor. Shuningdek, avtomatik to‘qnashuv oldini olish, ogohlantirish tizimi va moslashuvchan kruiz nazorati ham qo‘shilgan.

Tiggo 7 Plus esa 1.5T dvigatel va CVT uzatmalar qutisi bilan harakatlanadi.
Tashqi ko‘rinishida olmos naqshli panjara, yashirin tutqichlar va LED orqa chiroqlar bor. Ichkarida 24.6 dyuymli ikki ekranli monitor, LION 5.0 multimedia tizimi va qora yoki jigarrang salon mavjud. Qimmatroq versiyasi elektr boshqaruvli va ventilyatsiyalanuvchi o‘rindiqlar bilan jihozlangan. Unda elektr bagaj eshigi, panoramali tom va yon xavfsizlik yostiqchalari bo‘ladi.
Avvalroq, Chery yangi avtomobillarini taqdim etishi haqida yozgan edi.