Avto

Chevrolet eng kuchli avtomobilini taqdim etdi

Avtomobil 100 km/soat tezlikka 2 soniyadan kamroq vaqtda erishadi
Chevrolet eng kuchli avtomobilini taqdim etdi / Rasm Sora SI yordamida sayqallangan / Manba: Chevrolet

Chevrolet kompaniyasi tomonidan Chevrolet Corvette ZR1X avtomobili taqdim etildi. Bu model avval e’lon qilingan. Ammo ommaga endi esa rasman tanishtirildi. U kupe va kabriolet ko‘rinishida taqdim etiladi.

U o‘ta qudratli superkar bo‘lib, maxsus ZTK Performance to‘plami bilan yanada kuchaytirilgan versiyasini taklif qiladi. Mashinaning yuragi – 5,5 litrli twin-turbo V8 dvigatel bo‘lib, u 1064 ot kuchi va 828 Nm aylanuvchi momentni taqdim etadi. Yangi model boshqalaridan farqli ravishda gibrid funksiya bilan taqdim etilgan. Old g‘ildiraklarga ulangan qo‘shimcha elektromotor 186 ot kuchiga ega. Uning umumiy quvvati 1250 ot kuchini tashkil etadi.

Foto: Chevrolet

Avtomobil 100 km/soat tezlikka 2 soniyadan kamroq va chorak milga 9 soniyadan kam vaqtda erishadi. Elektromotor energiyasi 1,9 kVt⋅soatli litiy-ion akkumulyatorda saqlanadi. Tormoz tizimi kuchli: old va orqa tarafda mos ravishda 16,5 dyuymli rotorlar va 10 hamda 6 porshenli supportlar bor. Asosiy versiyada Michelin PS4S shinalari o‘rnatilgan. ZTK to‘plamida esa maxsus Michelin Pilot Cup 2R shinalari mavjud.

Ma’lumot o‘rnida, Chevrolet — bu Amerikaning mashhur avtomobil brendi bo‘lib, 1911-yilda Lui Chevrolet va Uilyam Durant tomonidan asos solingan. Brend hozirda General Motors (GM) kompaniyasiga qarashli va dunyo bo‘yicha millionlab mijozlarga ega.

Foto: Chevrolet

Kompaniya dastlab sport va poyga avtomobillari bilan tanilgan bo‘lsa-da, keyinchalik keng turdagi modellarga, jumladan sedanlar, krossoverlar, SUV’lar, yuk mashinalari va elektromobillarga e’tibor qaratdi. Chevrolet’ning eng taniqli modellari qatoriga Corvette, Camaro, Malibu, Silverado va Tahoe kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Rossiya dilerlari tomonidan Chevrolet Tracker narxlari pastlatilgani haqida yozgan edi.