Chigirtkalar bosqini Turkmanistondagi to‘yda yuz bergani ma’lum bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda chigirtkalar to‘y marosimiga hujum qilgani aks etgan videolar tarqaldi. Dastlab bu holatning O‘zbekistonda yuz bergani taxmin qilingan edi. Biroq rasmiy tekshiruvlar natijasida mazkur hodisa Turkmanistonning Lebop viloyatida ro‘y bergani aniqlandi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Turkmaniston O‘simliklarni himoya qilish xizmati rahbari o‘rinbosari Xo‘jageldi Gudjumov telefon orqali bergan ma’lumotga ko‘ra, chigirtkalar to‘dasi to‘y marosimi chiroqlariga yopirilgan.
Lebop viloyati O‘simliklarni himoya qilish bo‘limi rahbari Arslan Durdigilidjov bu holatni tasdiqlagan va hududda kimyoviy ishlov berilganini ma’lum qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qoraqalpog‘istonning ayrim hududlarida chigirtkalar ko‘paygani haqida xabar bergandi.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, bu bukri chigirtka bo‘lib, u faqat saksovul bilan oziqlanadi va qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar yetkazmaydi.
Qoraqalpog‘istonda chigirtkalarga qarshi maxsus kimyoviy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bugungi kunga kelib, barcha hududlarda 11 ta maxsus otryad tashkil etilgan. Fuqarolar chigirtka bo‘yicha maxsus shtabning (61) 229-54-92 raqamiga murojaat qilishi mumkin. Barcha tadbirlar bepul amalga oshiriladi.
Ma’lumot o‘rnida Qoraqalpog‘istonda bugungi kunda 150 dan ortiq chigirtka turi mavjud bo‘lib, ulardan atigi uchtasi qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun zararli hisoblanadi. Hozirda respublikada kuzatilayotgan chigirtka turlari esa zararli emasligi aniqlangan.
Shuningdek, Buxoro – Xorazm yo‘lida aniqlangan chigirtkalar to‘dasi tegishli agentlik nazoratiga olingani haqida ham xabar berilgandi. Zararni oldini olish maqsadida maxsus xizmatlar tomonidan 24/7 rejimida kimyoviy ishlovlar olib borilmoqda.