Erondagi Ormuz bo‘g‘ozi yopiladimi va bu kimlarga zarar keltiradi

eʼlon qilindi
Ormuz bo‘g‘ozining yopilishi neftga eng ko‘p bog‘liq bo‘lgan davlatlarga katta zarar yetkazishi mumkin
Erondagi Ormuz bo‘g‘ozi yopiladimi va bu kimlarga zarar keltiradi. Foto: Getty Images

Xalqaro jamoatchilik Ormuz bo‘g‘ozining yopilish ehtimolidan xavotirdaligini bildirdi. Ushbu jarayon 17-iyun kuni Eron va Isroil o‘rtasidagi raketali hujumlar fonida yuz bergan. Bu haqda BBC bir nechta ma’lumotlarni keltirib o‘tdi.

Ormuz bo‘g‘ozi haqida

Bu bo‘g‘oz dunyodagi eng muhim neft tashish yo‘llaridan biri hisoblanadi. AQSh Energetika axborot boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, u orqali kuniga 20 million barrelga yaqin neft o‘tadi. Bu esa global bozorning qariyb 20 foizini tashkil etadi.

Eron dengiz kuchlari qo‘mondoni mamlakat zarurat tug‘ilganda bo‘g‘ozni yopishni ko‘rib chiqishi mumkinligini aytdi. Britaniya razvedkasi (MI6) sobiq rahbari Aleks Yanger esa bu ssenariyni «eng salbiy holat» deb atab, bo‘g‘ozning yopilishi neft narxlariga kuchli ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidladi.

Foto: NurPhoto via Getty Images

Ormuz bo‘g‘ozining yopilishida kimlar zarar ko‘radi

Bo‘g‘ozning eng tor qismi atigi 40 kilometr. Undan o‘tuvchi kemalar faqat 10 kilometr kenglikdagi xavfsiz kanal orqali harakatlanadi. Harbiy harakatlar yoki mina to‘siqlari bu yo‘lni osongina to‘sib qo‘yishi mumkin. Ekspertlar Eron bunday qadamni bosim vositasi sifatida qo‘llashi mumkinligini, biroq AQSh va uning ittifoqchilari tezkor harbiy choralar bilan dengiz yo‘llarini ochishga qodir ekanini bildirgan.

Bo‘g‘oz orqali neft eksport qiluvchi davlatlar jumladan, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Eron ushbu yo‘lga muqobil sifatida quvur tarmoqlarini ishga tushirgan. Biroq hozircha mavjud muqobillar bo‘g‘ozning to‘liq yuklama hajmini qoplay olmaydi.

Ormuz bo‘g‘ozining yopilishi neftga eng ko‘p bog‘liq bo‘lgan Xitoy, Hindiston, Yaponiya va Janubiy Koreyaga katta zarar yetkazishi mumkin.

AQSh va Yevropaning ulushlari nisbatan pastroq. Ammo ular ham global narxlardagi keskin o‘zgarishdan zarar ko‘rishi mumkin.

Foto: CFOTO / Future Publishing via Getty Images

Eron rasmiylari tez harakatlanuvchi raketali katerlar, dengiz minasi va dronlar orqali bo‘g‘ozda harbiy nazoratni kuchaytirish haqida bayonotlar bergan.

Shunga qaramay, mutaxassislar bunday harakatlar global savdo tarmoqlarini izdan chiqarishi, balki keng ko‘lamli harbiy to‘qnashuvlarga olib kelishini istisno qilmayapti.

Narxlar esa allaqachon o‘sishda davom etmoqda. 12-iyun kuni Brent markali neft narxi $70dan past bo‘lgan bo‘lsa, Isroil hujumlaridan so‘ng u $74ga chiqdi.

Mutaxassislar bu narx o‘sishi vaqtinchalik bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Biroq agar Ormuz bo‘g‘ozi yopilsa, yanada keskin va uzoq muddatli o‘sish ehtimoli katta.

Avvalroq «Kursiv» Eron va Isroil urushi yakuni bo‘yicha bir nechta xulosalar taxmin qilinayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek