Eron va Isroil mojarosiga AQSh ham aralashishi mumkin

eʼlon qilindi
24–48 soat ichida hal qiladi
Eron — Isroil mojarosiga AQSh ham aralashishi mumkin. Foto: AP / Baz Ratner

Eron va Isroil mojarosiga AQSh ham aralashishi mumkin. Amerika bu masalani 24–48 soat ichida hal qiladi, deb xabar berdi ABC telekanali.

Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, 17-iyun kuni Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining asosiy maslahatchilari bilan uchrashuv o‘tkazgan. ABC yozishicha, rasmiylar Eron muammosini diplomatik yo‘l bilan hal qilish yoki harbiy kuch ishlatish bo‘yicha qaror bir-ikki kun ichida qabul qilinishini bildirgan.

Vashingtondagi ushbu yig‘ilish oldidan Tramp Eron hukumati haqida bir necha bayonotlar bergan. U Eronning oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy qayerda yashirinayotganini AQSh bilishini aytgan.

«U oson nishon, lekin o‘z mamlakatida o‘zini xavfsiz his qilmoqda. Biz uni tutmoqchi (o‘ldirmoqchi!) emasmiz. Hozircha. Lekin biz raketalar tinch aholiga yoki amerikalik askarlarga qarata otishini xohlamaymiz. Bizning sabrimiz tugash arafasida», – deb yozdi Tramp o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘ida.

Shundan bir necha daqiqa o‘tib, AQSh prezidenti «To‘liq taslim bo‘lish!» degan jumlani alohida post qildi.

Ayni paytda Oyatulloh Ali Xomanaiy ham ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilmoqda. U X (sobiq Twitter) sahifasida «Jang boshlandi» deb yozdi.

Eron va Isroil o‘rtasidagi harbiy mojaroga olti kun bo‘ldi.

Eron va Isroil o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuv

Eslatib o‘tamiz, 13-iyun kuni ertalab Isroil Erondagi yadroviy va harbiy obyektlarga zarba berdi. Tehron bunga javoban Isroil va AQShdan qasos olishga va’da berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Isroil tashqi razvedkasi Eron bo‘yicha hujumni bir necha yil davomida tayyorlagan. «Mossad» Tehron yaqinida yashirin dron bazasini tashkil qilgan.

Eronda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Oyatulloh Ali Xomanaiy Isroilning hujumlari vaqtida bunkerga yashiringan. Eronning Fordo yadroviy inshooti Isroil uchun zabt etib bo‘lmas qal’aga aylangan.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Eron va Isroil elchilari bilan uchrashgani va unda Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha mulohazalar bildirilgani haqida yozgandi.

Shuningdek