Eron va Isroil urushi qanday suratda davom etmoqda

eʼlon qilindi
Isroilda 24 kishi halok bo‘lgan
Eron va Isroil urushi qanday suratda davom etmoqda / Foto: AFP

Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘qnashuv oltinchi kunini boshladi. Isroil yuqori harbiy rahbarlar, olimlar va strategik obyektlarga zarbalar berganini e’lon qildi. Bu haqda Times of Israeel xabar bermoqda.

Eron urush boshidan buyon Isroilga 370 dan ortiq raketa va yuzlab dronlar yo‘lladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilda 24 kishi halok bo‘lgan, 500 dan ortiq odam yaralangan. Eron esa Isroil hujumlarida kamida 224 kishi vafot etganini ma’lum qilgan.

18-iyun tongida Eron Isroilga qarata ikkita ballistik raketa zarbasi yo‘lladi. Hujumlar oqibatida Tel-Aviv va boshqa hududlarda havo xavfi sirenalari chalindi. Isroil harbiylari aholiga panaga o‘tishni buyurdi, keyinchalik esa xavf ortda qolganini bildirdi. Jarohatlar qayd etilmadi, biroq markaziy Isroilda avtoturargohda yong‘in chiqdi. Yong‘in sababiga aniqlik kiritilmoqda.

Foto: AFP

Eron Inqilobiy Gvardiyasi bu hujumlarda gipertovushli raketalar qo‘llanganini bildirdi. «Fattah-1» nomli raketalar yordamida «Halol va’da 3» operatsiyasining 11-to‘lqini amalga oshirilgani aytildi. Ular Isroil ustidan havo nazorati o‘rnatilgani haqida bayonot berdi.

Tunda O‘lik dengiz yaqinida va Isroil shimolidagi hududlarda dronlar tahdidi sababli sirenalar yangradi. IDF bir dronni «sharq tomondan» kelgan deb, urib tushirdi. Bu, odatda, Eron bilan aloqador kuchlar joylashgan Iroq yoki Yaman tomoni degani.

Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘qnashuv qanday davom etmoqda / Foto: AFP

Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy raketa hujumidan so‘ng bayonot berdi.

«Sionist terrorchilariga rahm-shafqat bo‘lmaydi», — deya ta’kidlagan u.

Foto: Tasnim

Isroil Tehrondagi 18-distrikt aholisi uchun evakuatsiya ogohlantiruvini e’lon qildi. Bu hududda harbiy obyektlar nishonga olinishi kutilmoqda. Oradan ko‘p o‘tmay, Isroil harbiy-havo kuchlari Tehron bo‘ylab yangi zarba to‘lqinini boshladi. Mahalliy OAV ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar poytaxt yaqinidagi Khojir raketa zavodiga va Karaj shahridagi zavodga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Eron va Isroil elchilari bilan uchrashgani haqida yozgan edi.

Shuningdek