
Teleboshlovchi Taker Karlson Telegram asoschisi Pavel Durov bilan suhbatda O‘zbekistonga borishdan hech kim qo‘rqmasligini aytdi. Uning so‘zlariga Podrobno jurnalistlari e’tibor qaratdi.
Durov bilan Karlson qaysi mamlakatlarni, haqiqatan ham, xavfsiz deb hisoblash mumkinligini muhokama qilishdi. Natijada amerikalik jurnalist shunday xulosaga keldi: ko‘pchilik qoloq va erkin bo‘lmagan mamlakatlar ko‘pincha xavfsizroq bo‘lib chiqadi.
«Men O‘zbekistonni reklama qilmayman, u yerda hech qachon bo‘lmaganman. Ammo men O‘zbekistonga borishdan juda qo‘rqaman, degan odamni hech qachon uchratmaganman», – deya tushuntirdi Taker Karlson.
Bunga javoban Pavel Durov jurnalistga o‘tgan yozda O‘zbekistonda bo‘lganini va safaridan mamnun bo‘lganini eslatdi.
Avvalroq Kursiz Uzbekistan Telegram’da Grok sun’iy intellektli chatboti ishga tushirilishi haqida xabar bergan edi.