Gadjetlar

Honor Magic V5 modelining taqdimot sanasini e’lon qildi

Unda 6,45 dyuymli tashqi displey bo‘ladi
Honor Magic V5 modelining taqdimot sanasini e’lon qildi / Rasm ChatGPT yordamida yaratilgan

Honor Magic V5 modeli 2-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da (Toshkent vaqti bilan 16:00 da) taqdim etiladi. Bu haqda kompaniya Weibodagi sahifasida ma’lum qildi.

Unda boshqa yangi Honor qurilmalari ham namoyish etilishi kutilmoqda.

Magic V5 oldingi model – Magic V3 ga qaraganda kuchliroq bo‘ladi. Unda 6 100 mA/soat sig‘imli batareya, 66 vatt quvvatda tezkor quvvatlash, 200 megapikselli periskop kamera va Snapdragon 8 Elite Leading Version protsessori bo‘ladi.

Foto: Honor

Yangi model juda yupqa korpusga ega bo‘ladi – 9 mm dan ham ingichka. Agar bu tasdiqlansa, Magic V5 dunyodagi eng yupqa bukiladigan smartfon bo‘ladi. Hozircha bu unvon Oppo Find N5 modeliga tegishli (8,9 mm).

Magic V5 da 8 dyuymli asosiy ekran va 6,45 dyuymli tashqi displey bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida, Honor – Xitoyning smartfon ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, 2013-yilda Huawei kompaniyasining subbrendi sifatida tashkil etilgan. Keyinchalik u mustaqil brendga aylandi. Honor zamonaviy dizayn, kuchli texnik xususiyatlar va nisbatan arzon narxlarda smartfonlar taklif qiladi. Kompaniya nafaqat telefonlar, balki planshetlar, quloqchinlar, aqlli soatlar va boshqa qurilmalarni ham ishlab chiqaradi. Bugungi kunda Honor global bozorda faol ishtirok etib, yangi texnologiyalarni tez-tez joriy qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Honor kompaniyasining yangi Honor 400 va 400 Pro smartfonlari Xitoyda sotuvga chiqarilgani haqida yozgan edi. Uning boshlang‘ich narxi 2,5 ming yuan (taxminan $346) bo‘lib, subsidiya hisobida narx 2124 yuangacha tushadi.