
iPhone 16 Pro Max (256 GB) smartfoni O‘zbekistonda muddatli to‘lov orqali xarid qilinayotgan mahsulotlar orasida yetakchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan hisobotda keltirilgan.
Unga ko‘ra, 12 oylik muddatli to‘lov asosida xarid qilinganda ortiqcha to‘lov miqdori do‘kon yoki xizmat turiga qarab 27,3 foizdan 44,3 foizgacha bo‘lishi mumkin. O‘rtacha ko‘rsatkich 39,6 foizni tashkil etadi. Eng yuqori ortiqcha to‘lov Uzum savdo platformasidagi Uzum Nasiya xizmatida bo‘ldi. Eng past ko‘rsatkich esa Mediapark do‘konining Payme Nasiya xizmati orqali qayd etilgan.
Shu bilan birga, mazkur xarajatlar yillik kredit stavkalari bilan taqqoslanganda, muddatli to‘lovda foiz stavkasi 47 foizdan 73,8 foizgacha yetadi. O‘rtacha yillik stavka esa 66,5 foizni tashkil etgan.
Bank kreditlari orqali iPhone 16 xarid qilinganda ortiqcha to‘lov miqdori turlicha bo‘lmoqda. Mikrokredit va kredit kartalari overdrafti bo‘yicha bu ko‘rsatkich 14 foizni, mikrozaymlar uchun esa taxminan 23 foizni tashkil etadi. O‘rtacha qiymat 17 foiz deb ko‘rsatilgan.
Shuningdek, iPhone 16 Pro Max smartfonining do‘konlardagi narxi 18 million so‘mdan 23 million so‘mgacha bo‘lmoqda. Biroq mahalliy bozorda o‘rtacha qiymati $1,3 ming yoki taxminan 17 million so‘mni tashkil etadi.
Nasiya taklif etayotgan do‘konlar

Shuningdek, dastlabki to‘lov mavjud bo‘lganda ortiqcha to‘lov miqdori kamayishi ta’kidlangan. Masalan, Brostore.uz do‘konida iPhone 17,77 mln so‘mdan, 30 foizlik dastlabki to‘lov sharti bilan taklif etilgan. Bunday holda xaridor oyiga 1,805 mln so‘m to‘lab boradi. Umumiy xarajat esa 26,994 mln so‘mni tashkil etadi, bu esa rasmiy narxdan 51,9 foizga yuqoridir.
Idea savdo tarmog‘ida esa iPhone 16 (128 GB) modelini olti oylik muddatli to‘lov bilan, qo‘shimcha foizsiz xarid qilish imkoniyati bo‘lgan.
Ammo uning umumiy narxi 21,99 mln so‘mni tashkil qilib, o‘rtacha bozor narxidan 1,5 barobar yuqoriroq bo‘lgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri voz kechish kerak bo‘lgan uchta iPhone modeli haqida yozgandi.