
Mazda kompaniyasi Xitoyda yangi elektr avtomobillar turkumini kengaytirmoqda. Navbatdagi model – Mazda EZ-60 elektromobili shu yilning sentabr oyiga sotuvga chiqishi kutilmoqda. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar qilmoqda. U xalqaro bozorda Mazda CX-6e nomi bilan tanishtiriladi.
Bu o‘rta o‘lchamli SUV Changan Auto bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Mazda EZ-60 ikki turdagi versiyada taqdim etiladi: to‘liq elektr (BEV) va uzaytirilgan masofali elektr (EREV). U Changan’ning EPA platformasida ishlab chiqariladi.

Oldindan buyurtma berish boshlanganidan beri mashinaga katta qiziqish bo‘ldi. Iyun boshigacha 26 mingdan ortiq buyurtma qabul qilingan. Xaridorlarning asosiy qismini 25–40 yoshdagi shaharliklar tashkil etadi.
Tashqi ko‘rinishi zamonaviy: yashirin eshik tutqichlari, elektron yon oynalar, yoritilgan panjara va sportcha orqa ko‘rinishga ega. O‘lchamlari: 4850 mm uzunlik, 1935 mm kenglik, 1620 mm balandlik, g‘ildiraklar oralig‘i 2902 mmni tashkil etadi.

Salonda esa katta 26,45 dyuymli ekran, 100 dyuymli 3D proyektor va kuchli Dolby Atmos ovoz tizimi bor. Mashina ichidagi 1700 dan ortiq funksiyani boshqaruvchi kuchli chip ham mavjud.
Har ikki versiya 190 kVt quvvatli elektromotor bilan harakatlanadi. EREV modelida qo‘shimcha ravishda 1.5 litrli benzinli generator (70 kVt) mavjud. Batareya haqida hozircha ma’lumot berilmagan.

Avtomatik parkovka, 2-darajali haydovchiga yordamchi tizim kabi qo‘shimcha qulayliklariga ega.
Mazda EZ-60 uchun 10 yuan (taxminan $1.5) evaziga oldindan buyurtma berish mumkin. Bu to‘lov yakuniy narxdan ayiriladi. Buyurtmalar Changan Mazda’ning rasmiy saytida va savdo markazlarida qabul qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mazda EZ-6 Sports Edition avtomobili rasman sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.