
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Eron elchisi Muhammadali Iskandariy hamda Isroil elchisi Gideon Lustig bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, har ikkala uchrashuvda ham ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Eron elchisi bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Isroil elchisi bilan uchrashuvda esa O‘zbekiston-Isroil munosabatlarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari hamda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.
Har ikkala uchrashuvda ham mintaqaviy muammolar, xususan, Yaqin Sharqdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha mulohazalar bildirildi.
Eron-Isroil urushi tafsilotlari
Eslatib o’tamiz, 13-iyun kuni Isroil Eronning yadro inshootlari, ballistik raketa zavodlari va harbiy qo‘mondonlariga qarshi «Bosh ko‘targan sher» nomli harbiy operatsiyani boshlagan edi. Eron rasmiylariga ko‘ra, Tehrondagi hujumlarda Inqilobiy gvardiya qo‘mondoni Husayn Salami halok bo‘lgan, aholi yashaydigan hududga zarba tufayli bolalar halok bo‘lgan.
Bundan tashqari, Kanadada bo‘lib o‘tayotgan G7 sammitida yetakchilar Eron atrofidagi vaziyat bo‘yicha umumiy bayonot bilan chiqish qilib, Isroilning o‘zini himoya qilish huquqi borligi ta’kidlangan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Eron tomoni 220 dan ortiq fuqaro halok bo‘lganini, 1200 nafardan ziyodi yaralanganini bildirgan. Isroil esa 20 dan ortiq o‘lim holati va 600 dan oshiq yarador haqida xabar bergan.
Mazkur voqealar fonida O’zbekiston hukumati fuqarolarni provokatsiyalarga uchmaslikka chaqirdi.