
O‘zbekistonning 12 ta universiteti Impact Rankings 2025 reytingida 1000 talik ro‘yxatiga kiritildi. Ushbu reyting Times Higher Education (THE) tomonidan e’lon qilingan. Bu haqda Oliy ta’lim vazirligi xabar berdi.
Bu yilgi reytingda respublikadagi 59 ta universitet bilan ishtirok etdi. Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi bo‘yicha eng yuqori natijani O‘zbekiston qayd etdi. Natijada mintaqadagi mutlaq yetakchi sifatida tan olindi.
THE reytingi BMT tomonidan belgilangan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) asosida tuzilgan. Unda universitetlarning atrof-muhitga, ijtimoiy taraqqiyotga va iqtisodiy barqarorlikka qo‘shgan hissasi baholanadi.
Reytingga kirgan universitetlar
Reyting oralig‘i | Universitet nomi |
---|---|
201 – 300 | Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti |
O‘zbekiston Milliy universiteti | |
TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti | |
301 – 400 | Toshkent davlat yuridik universiteti |
401 – 600 | Samarqand davlat universiteti |
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti | |
601 – 800 | Buxoro davlat universiteti |
Samarqand davlat tibbiyot universiteti | |
801 – 1000 | Navoiy davlat universiteti |
Toshkent davlat pedagogika universiteti | |
Toshkent davlat texnika universiteti | |
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti |
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 2024/2025-o‘quv yili boshiga kelib faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlari soni 222 taga yetgani haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 153 taga ko‘paygan bo‘lib, so‘nggi o‘n yilda oliy ta’lim muassasalari soni qariyb 3,2 barobar oshgan.
2015-yilda 69 ta oliy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, keyingi yillarda bu raqam izchil ortib bordi. Xususan, 2018-yilda ularning soni 98 taga, 2022-yilda esa 191 taga yetdi. 2024-yilda esa mazkur ko‘rsatkich 222 tani tashkil etdi.