Parkentda yangi turistik majmua quriladi

Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan «Ugom-Chotqol» qo‘riqxonasi hududida zamonaviy va milliy an’analarni uyg‘unlashtirgan yangi turistik majmua barpo etilmoqda. Bu haqda hokimlik rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, «MSA Resort» nomi ostida faoliyat yuritadigan ushbu majmua yiliga 20 ming sayyohlarni qabul qilish salohiyatiga ega bo‘ladi.
Majmua tarkibida zamonaviy mehmonxona, milliy taomlar restorani, degustatsiya zali hamda qadimiy Markaziy Osiyo an’analariga mos, ammo zamonaviy qulayliklarga ega o‘tovlar qurilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 1000 kishidan ortiq mehmonlarni bir vaqtning o‘zida sig‘dira oladigan tadbirlar maydoni ham tashkil etiladi.
Sayyohlar bu yerda nafaqat tabiat go‘zalliklaridan bahramand bo‘lish, balki uzumchilik va vinochilik madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Loyihaga ko‘ra, 350 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bu esa mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga katta hissa qo‘shadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda 900 mlrd so‘mlik «Sangardak» turistik markazi qurilishi haqida yozgan edik.