
Poco F7 smartfonining taqdim etilish sanasi e’lon qilindi. 24-iyun kuni Hindistonda faqat oddiy Poco F7 modeli taqdim etilishi kutilmoqda. Pro va Ultra versiyalari esa hozircha bozorga chiqmaydi. Bu haqda GSMArena xabar bermoqda.
Poco‘ning Hindiston va global sahifalarida e’lon qilingan suratlarda orqa tomonda ikkita kamera ko‘rinadi. Yonida esa «50MP OIS» yozuvi bor — bu asosiy kamera 50 megapikselli va optik stabilizatsiyaga ega bo‘lishini tasdiqlaydi. Orqa panelda Snapdragon logosi ham bor, demak, smartfon ushbu chipda ishlaydi.

Flipkart ma’lumotiga ko‘ra, Poco F7 7 550 mA·soat sig‘imli Si/C akkumulyator bilan jihozlanadi. U 90 Vt tezkor quvvatlash va 22.5 Vt teskari simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
24-iyun kuni Hindistonda faqat oddiy Poco F7 modeli taqdim etilishi kutilmoqda. Pro va Ultra versiyalari esa hozircha bozorga chiqmaydi.

Poco — Xitoyning Xiaomi kompaniyasiga tegishli smartfon brendidir. U 2018-yilda ilk bor Poco F1 modeli bilan tanilgan. Dastlab Xiaomi’ning ichki loyihasi sifatida ish boshlagan Poco, keyinchalik alohida brendga aylandi. Poco telefonlari arzon narx va kuchli texnik xususiyatlar bilan mashhur bo‘lib, ayniqsa yoshlar va texnologiyani yaxshi ko‘radigan foydalanuvchilar orasida keng tarqalgan.
Brendning asosiy maqsadi – kuchli protsessor, katta xotira, yuqori darajadagi displey va ilg‘or kameralarni arzonroq narxda taqdim etish. Poco qurilmalari ko‘pincha Snapdragon chiplariga asoslangan bo‘ladi va MIUI operatsion tizimi asosida ishlaydi. Dizayn jihatidan ham Poco telefonlari zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lib, ayrim modellarda o‘yinlar uchun moslashtirilgan imkoniyatlar ham mavjud.
Avvalroq Poco F7 «kiberpank» dizayndagi maxsus versiyasi bilan taqdim etilishi haqida yozgan edik.