«Qirgiziya» o‘rniga «Qirg‘iz Respublikasi» atamasini ishlatish taklif qilindi

eʼlon qilindi
Uning fikricha, bu suverenitetga hurmat ifodasi hisoblanadi
«Rosatom»ning Qirg‘izistondagi rahbari «Qirg‘iziya» o‘rniga «Qirg‘iz Respublikasi» atamasini ishlatishni taklif qildi / Foto: Knu.kg

Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida «Rosatom»ning Qirg‘izistondagi rahbari Dmitriy Konstantinov Rossiyada odat tusiga kirgan «Qirgiziya» atamasi o‘rniga «Qirg‘iz Respublikasi» nomini rasmiy ravishda qo‘llash tashabbusi bilan chiqdi.

Uch yildirki Qirg‘izistonda yashayotgan Konstantinovning ta’kidlashicha, ikki tomonlama hujjatlar va tadbirlarda mamlakat nomini to‘g‘ri – «Qirg‘iz Respublikasi» deb ishlatish lozim. U bu qadam Rossiya va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stona va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.

«Bu ittifoqchimiz suvereniteti va milliy o‘zligini hurmat qilish ifodasidir», – dedi u «Qirg‘iziston – Rossiya» sessiyasida.

Mazkur taklif forum ishtirokchilari o‘rtasida faollik bilan muhokama qilindi, biroq hozircha Rossiya rasmiylaridan bu borada rasmiy munosabat bildirilgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston prezidenti saylov qonunchiligiga bir qator o‘zgartishlar kiritgan edi.

Shuningdek