Sifat sertifikatisiz dorilarning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi

Toshkent shahrining Olmazor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda saqlanayotgan katta miqdordagi dori vositalari aniqlanib, musodara qilindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 1949-yilda tug‘ilgan fuqaro va uning o‘g‘li yashayotgan xonadon yer-to‘lasidan umumiy qiymati 1 mlrd so‘mdan oshadigan, 72 nomdagi 3615 quti dori vositasi topildi. Aniqlanishicha, ushbu dorilar mamlakatga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilib, poytaxtda sotishga mo‘ljallangan.
«Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» mutaxassislarining xulosasiga ko‘ra, dorilarning aksariyati davlat reyestrida mavjud emas, ularga moslik sertifikati rasmiylashtirilmagan va saqlash talablari buzilgan.
Shuningdek, Toshkentdagi dorixonalardan birida noqonuniy saqlanayotgan 57407 dona dori vositasi, 835 dona bo‘sh dori qutilari hamda bitta dori tayyorlash moslamasi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirildi. Ularning umumiy qiymati 3,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-prim 3-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 200 dan ortiq dorixonalar asossiz daromad topayotgani aniqlangan edi.