Lifestyle

Timur Kapadze «JCH – 2026» dagi bo‘lajak raqiblar haqida: Biz hech kimdan qo‘rqmaymiz

Toshkentda Sputnik O‘zbekiston matbuot markazida milliy terma jamoaning 2026-yilgi jahon chempionatiga chiqishi munosabati bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda terma jamoa bosh murabbiyi Timur Kapadze ishtirok etdi.

Ushbu yangilikdan bilib olasiz:

Hech kimdan qo‘rqmaymiz

Matbuot anjumani davomida Kapadze milliy terma jamoaning jahon turniridagi ishtiroki nafaqat mashaqqatli mehnat natijasi, balki butun o‘zbek futbolining o‘sish ko‘rsatkichi ekanini ta’kidladi.

«Hech kim eng kuchli jamoalar guruhida bo‘lishni istamaydi, ammo biz hech kimdan qo‘rqmaymiz. Bu bizning birinchi jahon chempionatimiz va biz nimalarga qodir ekanligimizni ko‘rsatamiz. Asosiysi, futbolchilar formada va kurashga tayyor bo‘lishi kerak. Biz hech kimdan qo‘rqmaymiz. Asosiysi, tayyor bo‘lish» – dedi murabbiy Kursiv Uzbekistan jurnalistining savoliga.

Terma jamoa uchun nafaqat guruhdan chiqish, balki imkon qadar pley-offga chiqish muhim, deya qo‘shimcha qildi Kapadze.

Infratuzilma va o‘yinchilarni tibbiy qo‘llab-quvvatlash: rivojlanish bor

Mamlakatdagi futbol infratuzilmasining hozirgi holati haqida gapirar ekan, Kapadze ko‘p narsa ijobiy tomonga o‘zgarganini, ammo muammolar hamon saqlanib qolayotganini ta’kidladi.

«Avvallari to‘plar, forma, mashg‘ulot maydonlari yetishmasdi. Hozir vaziyat yaxshiroq, ammo har bir klubda to‘laqonli mashg‘ulot bazasi bo‘lishi muhim. Milliy baza, masalan, 2025-yil sentabr oyida ochiladi. Bu oldinga tashlangan muhim qadam bo‘ladi», – deya vaziyatga izoh berdi terma jamoa ustozi.

Kapadze futbolchilarni tiklash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, futbolning zamonaviy talablari jismoniy va tibbiy yordamni muvaffaqiyatning asosiy tarkibiy qismlariga aylantiradi.

«Sportchilarga nafaqat sifatli maydonlar, balki to‘laqonli reabilitatsiya markazlari ham kerak. Bular massajistlar, fizioterapevtlar, nutritsiologlar bo‘lib, ular har kuni o‘yinchilar bilan ishlashlari kerak. O‘zim ham kechasi soat uchda uqalash xonasiga kirdim – ular hali ham postda edilar. Bu ko‘zga tashlanmaydigan, ammo natijaga ta’sir ko‘rsatadigan ulkan ahamiyatga ega ishdir», – dedi u.

Terma jamoaning yangi bazasida to‘laqonli tibbiy blok yaratish rejalashtirilganligi va imkon qadar pley-offga chiqish muhimligini qo‘shimcha qildi Kapadze.

Iqlim va moslashuv

Terma jamoani tayyorlashdagi ustuvor yo‘nalishlardan biri futbolchilarni AQSh, Kanada va Meksika sharoitlariga moslashtirishdir. Bu mamlakatlarda bo‘lajak jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Kapadzening so‘zlariga ko‘ra, namlik va vaqt farqi jiddiy muammo hisoblanadi:

«Biz allaqachon Amirliklardagi o‘yinlar oldidan namlikka moslashdik. Jahon chempionatiga ham oldindan boramiz – kamida bir hafta oldin, yaxshisi ikki hafta oldin. Jamoa tayyorgarlik ko‘rishi va iqlimga moslashishi uchun yig‘inlar uchun optimal joy qidiramiz», – deya rejalari bilan o‘rtoqlashdi O‘zbekiston terma jamoasi ustozi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, milliy terma jamoa oldindan yig‘ilishi uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va FIFA bilan ichki chempionatlarni qachon yakunlash masalasi hal qilinadi.